Xalqaro hamjamiyatdan ajralib qolmaslik uchun harakat qilayotgan Germaniya Ukrainaning “ko‘nglini ko‘tarish”ga intilmoqda.
Oxirgi marta ikki yil oldin Ukrainaga kelgan Kansler Olaf Shols dushanba kuni yana shu ishni amalga oshirishga jazm qildi. Kiyevni bundan buyon ham Rossiyaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlashga va’da berarkan, uning mamlakati “Taurus” raketalari yetkazib bera olmasligini bildirdi.
Germaniya Ukrainaning eng kuchli ittifoqchilaridan biri bo‘lsa-da, Shols Prezident Vladimir Zelenskiyning ikki asosiy – GFR va Shvetsiya ishlab chiqaradigan, uzoq masofaga uchuvchi raketalarni yetkazish va NATOga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish talabiga qarshi chiqdi.
Fevral oyidagi saylov oldidan Shols o‘zining ehtiyotkor qarashini himoya qilgan. Ya’ni, bunday yondashuv Ukrainani jiddiy qo‘llab-quvvatlash va mojaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri NATO– RF qarama-qarshiligini keltirib chiqarishi xavfini imkon darajasida kamaytirish o‘rtasidagi muvozanat sifatida baholangan edi.
–Bu qaror bizning qo‘llab-quvvatlashimizni kamaytirmaydi, hozir ham keyin ham Ukrainani himoya qilishda davom etamiz,– dedi Shols Kiyevda.
Ukrainaning NATOga yo‘li
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi jarayon “qaynoq” nuqtaga yaqinlashgan bir paytda Zelenskiy Kiyev nazorati ostidagi hudud NATOga kirsa, “urushning popugi pasayishi”ni taxmin qilmoqda.
Ba’zi G‘arb davlatlari noyabr oyida Kiyevga o‘zlari yetkazib bergan qurol bilan uzoq masofadan zarba yo‘llashga ruxsat berdi. Qaror ortidan Rossiya Ukrainaga qarata to‘xtatib bo‘lmaydigan, o‘rta masofaga mo‘ljallangan “Oreshnik” nomli ballistik raketa yo‘naltirdi. Prezident Vladimir Putin “bu hali boshlanishi” ekanini bildirdi. Qayd etish joiz, bunday raketa urushda birinchi marta qo‘llandi.
Ukrainaning NATOga qabul qilinishi haqida gapirarkan, Shols bu Ukraina o‘ylagandek oson ish emasligi, hammasini tinchlik yo‘li bilan hal qilish lozimligini ta’kidladi.
–Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimi bilan ta’minlash bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Germaniya Kiyevga allaqachon beshta IRIS-T tizimi, uchta Patriot tizimi va 50 dan ortiq Gepard o‘zi yurar zenit quroli yetkazgan, – dedi kansler. – Yaqin orada harbiy yordamning yana bir jamlanmasi – boshqa IRIS-T tizimi va Gepardlar yuboriladi. Keyingi ko‘mak ham 2025 yilgacha rejalashtirilgan.
Zelenskiy Rossiyaning oddiy aholi manzillari va energetika infratuzilmasiga hujumi davom etayotganiga to‘xtalib, so‘nggi oylarda 347 ta turli raketa uchirilganiga urg‘u berdi.
Ukraina yetakchisi G‘arb davlatlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirib, qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, 20 ga yaqin muhim sayt himoyasiz qolayotganini aytdi.
Sholsning tashrifi Zelenskiy uni Putin bilan telefon orqali muloqot qilgani uchun tanqid qilgandan keyin yuzaga kelgan so‘nggi keskinlik ortidan sodir bo‘ldi.
O‘shanda Zelenskiy GFR Kanslerining RF rahbari bilan qilgan muloqotidan noroziligini quyidagi mazmunda bildirgan:
– Bu boshqa yetakchilar ham shunday qilishiga turtki berib, Putinning xalqaro miqyosda ixotalanishini kamaytirishi, uni Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishni qonuniylashtirishga undashi mumkin.
Germaniya yetakchisi esa o‘zini himoya qilib, Putinga Ukraina kelajagini o‘zi belgilash huquqiga ega suveren davlatligini aytib, Ukraina yolg‘iz emasligi, hamkorlar yordami davom etishini yetkazganini ta’kidladi.
Tashrif davomida Zelenskiy Sholsni harbiy gospitalga olib bordi. Muassasada yaralangan askarlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari ikki rahbarga mahalliy va nemis kompaniyalari hamkorligida yaratilgan dronlar ham namoyish qilindi.
Musulmon Ziyo, O‘zA