Toshkentdagi “U-Enter” innovatsiya markazida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo startap forumida Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Polsha, AQSH, Malayziya, Turkiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya kabi 20 dan ziyod davlatdan muvaffaqiyatli startaplar, venchur fondlari, akseleratorlar, universitetlar, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Anjuman mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni rag‘batlantirish bilan birga bilim, tajriba, ilg‘or amaliyot almashish uchun o‘ziga xos platformaga aylandi.
Dastlabki sessiyada mintaqamiz startap ekotizimini rivojlantirishning o‘ziga xos xususiyati, mavjud muammolar, jumladan loyihalarni moliyalashtirish imkoniyati, innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash zarurati va davlat dasturlarining ahamiyati muhokama qilindi. Keyingi davra suhbati startap-industriyadagi global tendensiyalarning Markaziy Osiyoga ta’siri muhokama qilindi. Yetakchi ishtirokchilar va texnologiya kompaniyalari spikerlari, jumladan “Plug and Play”, “Samsung SDS”, “Maverick Nation” va “Gobi Partners”, shuningdek BMT TD, BMT YeIK, KOICA, USAID kabi xalqaro tuzilmalar vakillari dunyodagi so‘nggi yutuqlar va amaliyot qanday qilib mintaqada startap ekotizimi rivojini tezlashtirishi mumkinligi xususidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ishtirokchilarga Markaziy Osiyo startaplari va investorlarida alohida qiziqish uyg‘otadigan, chuqurroq ixtisoslashgan mavzular bilan tanishish imkoni berildi. Munozaralar mablag‘ jalb qilish, ko‘lamni oshirishga qaratilgan innovatsion strategiyaga e’tibor qaratgan holda, moliyaviy texnologiya va venchur moliyalashtirish, biznes jarayonini muvofiqlashtirish uchun sun’iy intellektdan foydalanish, universitetlarning startap ekotizimi drayveri sifatidagi roli kabi mavzularni qamrab oldi. Shuningdek, ayollar uchun imkoniyatni kengaytirish va to‘siqlarni bartaraf etish yo‘llari ham tahlil qilindi.
Hal qiluvchi “Startup Battle” tadbirida Markaziy Osiyoning besh davlati tomonidan 10 ta namunali startap-loyiha taqdim qilindi.
Markaziy Osiyo startap forumi mintaqaning integratsiya sari faol intilishini namoyon etgan holda, muvaffaqiyatli startap ekotizimi yaratish hamda tadbirkorlarning keyingi avlodini qo‘llab-quvvatlashda hamkorlik qilish muhimligini tasdiqladi.
Darvoqe, Startap – bozor yoki biznesni sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan noyob g‘oya yoki mahsulotni ishlab chiqish uchun yaratilgan boshlang‘ich kompaniya. Odatda, bunday korxonalar tez o‘sish, nisbatan qisqa vaqt ichida salmoqli natija ko‘rsatishga intiladi.
Startapning asosiy maqsadi – yangilik taklif qilish: bu texnologiya, ilova, servis yoki hatto, mavjud narsaga yangicha yondashuv bo‘lishi mumkin. Yangi biznesdan farqli o‘laroq, startap darhol ulkan maqsadga intiladi va ko‘pincha biznesdagi ulush evaziga moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan sarmoyadorlarni qidiradi.
Muharrama Pirmatova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA