O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova va Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Parijda o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy almashinuvni rivojlantirish, merosni asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Muloqot davomida Parijdagi Arab dunyosi institutida o‘tkazilgan “Samarqandga yo‘l” ko‘rgazmasi va Luvrda O‘zbekistonning boy madaniy merosini namoyon etuvchi ko‘rgazmalar Fransiya jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otgani ta’kidlandi.

Shuningdek, tomonlar madaniy merosni himoya qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklarni restavratsiya qilish sohasidagi hamkorlikni davom ettirish istagini bildirdi. Uchrashuvda Fransiya milliy meros instituti (INP) filialini Toshkentda ochish orqali restavratsiya va tajriba almashishdagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish masalasi  muhokama qilindi.

Jamg‘arma axborot xizmatining xabariga ko‘ra, uchrashuvda  Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasida Fransiya delegatsiyasining ishtirok etish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Bu, o‘z navbatida, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qadam sifatida baholandi.

N. Ziyodullayeva, O‘zA