Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.

Respublika bo‘yicha 2 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani natijasida o‘tgan yilning o‘zida 2 milliard kub metr suv tejaldi. 50 dan ortiq mahalliy korxona bunday texnologiyalarni o‘zimizda chiqarayapti.

Shunday bo‘lsa-da, tomchilab sug‘orish joriy qilindi, deb hisobot berilgan barcha dalalarda ham bu tizim ishlamayapti. Qoraqalpog‘istonda esa lazerli tekislashga 10 milliard so‘m subsidiya berilgan bo‘lsa-da, bu mablag‘ ishlatilmasdan qolmoqda.

Mas’ul idoralarga lazerli tekislash, suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi va ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Qoraqalpog‘istonda mavjud lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi endi Xorazmda ham joriy etiladi.

Umuman, kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalar uchun 700 milliard so‘m subsidiya, 2,5 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilandi.

O‘zA