Nukus shahrida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi muzeyi qoshida “Qoraqalpoq etno ovuli”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Buyuk ajdodlarimizning vatanparvarlik va taraqqiyparvarlik to‘g‘risidagi boy ma’naviy-ma’rifiy merosini yoshlar ongiga singdirish borasida umuminsoniy qadriyatlarning ahamiyati ortib borayotgan bugungi globallashuv jarayonida dunyo sivilizatsiyasiga asos bo‘lgan moddiy va ma’naviy yodgorliklarni keng ommaga targ‘ib qilish, ularni innovatsion axborot texnologiyalari asosida namoyish etish hamda muzeylashtirish an’analari, yangiliklarga doir dolzarb masalalar qamrab olishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentyabrdagi “2022 – 2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm sohasidan natijali foydalanish, mahalliy va chet el sayyohlari uchun hududning hamda turizm, madaniy meros, madaniyat va san’at sohalarining salohiyatini yanada oshirish, milliy hunarmandchilik buyumlarini ko‘paytirish nazarda tutilgan.

“Qoraqalpoq etno ovuli” deb nomlangan loyiha doirasida ajdodlarimiz yashagan ovul misolida XVIII-XIX asrlarda qoraqalpoq xalqining o‘ziga xos milliy qadriyatlaridan biri o‘tov – qora uy tiklanib, barcha narsalari bilan bezatildi. Uning ichida Qoraqalpoq xalqining turmush tarziga oid buyumlar qo‘yildi.

Qoraqalpoq o‘tovi o‘zining qurilishi, ko‘rinishi va bezalishi bilan xalqning uzoq asrlik merosidan dalolat beradi. O‘tovning bezalishida yigirmadan ziyod buyum ishlatilgan. Bularning barchasi shu davrning o‘zida hunarmandchilikning rivojlanganligidan va xotin-qizlarning chevarligidan dalolat beradi.

O‘tovning tiklash jarayoni, ishlatiladigan ashyolar materiallari namoyish etiladi. Natijada muzey qoshida Berdaq davridagi xalqimizning eng bebaho mulki bo‘lgan ikkita oq o‘tov to‘liq qad ko‘tardi. So‘ng u yerda XIX asrda yashagan Berdaq davrining kiyim namunalarini, uy-ro‘zg‘or buyumlarining ko‘rgazmasini tashkil etish bilan birga o‘sha paytning dasturiga muvofiq milliy taomlar tayyorlanib, tashrif buyurgan mahalliy va chet ellik mehmonlarga taqdim etiladi.

Berdaq fondi 1998 yili tashkil topgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida milliy madaniy, tarixiy meroslarni o‘rganish va qayta tiklash, o‘tmishda yashab o‘tgan ulug‘ shoir va olimlarning meroslarini o‘rganuvchi yoshlarga yordam berish, Berdaq davriga tegishli tarixiy meroslarni yoshlarning o‘rganishiga faol ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratish orqali madaniy, ilmiy, adabiy yo‘nalishdagi rejalarni amalga oshirmoqda.

Fond tomonidan baxshilar, Berdaq asarlari qahramonlari asosida rassomlar tanlovlari o‘tkazildi. 2017 yili buyuk shoir Berdaqning 190 yilligi munosabati bilan “Berdaq davridagi ta’lim maskanlari va yer nomlari” mavzusida ekspeditsiya tashkil etildi. Ekspeditsiya davomida yer nomlarining kelib chiqish tarixi haqida manbalar yig‘ildi. Fond tomonidan iqtidorli yoshlar qo‘llab-quvvatlanib, mashhur shoir-yozuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Berdaq fondi Qoraqalpoq xalqining milliy merosini, ma’naviy-ma’rifiy boyliklarini ko‘p asrlardan beri bizgacha yetib kelgan tarixiy yodgorliklarini keng ommaga, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish va insoniylik qadriyatlarini saqlashni maqsad qilgan. Mazkur loyiha aholining ko‘p asrlik tarixini etno ovul misolida yosh avlodga yetkazish, hunarmandchilikni, ta’lim-tarbiyaning, unutilib borayotgan milliy an’analarning ahamiyatini yanada teran tushuntirish, ularda milliy merosimizga bo‘lgan muhabbatini uyg‘otishga qaratilgan tadbirlarni keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega.

Tadbir ishtirokchilari muzeyi qoshida tashkil etilgan “Qoraqalpoq etno ovuli”, Berdaq davrining kiyim namunalarini, uy-ro‘zg‘or buyumlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Mehmonlarga Qoraqalpoq milliy taomlari, azaliy qadriyatlar bo‘lmish ona allasi, beshik marosimi, bet ochar kabi milliy an’ana va urf-odatlar namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat+video),  

O‘zA.