Avval xabar berilganidek, poytaxtimizda IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasining ikkinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur anjuman dasturi qator mavzularni o‘zida jamlagan. Unda nafaqat plenar yig‘ilishlar, panel muhokamalar, balki madaniy tadbirlarning o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan. «Kreativ iqtisodiyot do‘stlari» (“Friends of Creative Economy”) forumi kreativ iqtisodiyotning xalqaro maydondagi rolini muhokama qilishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli.

75 mamlakatdan 2 mingdan ziyod kreativ soha rahbarlari va yetakchilari mavzu doirasida o‘z yutuqlari va imkoniyatlarini namoyish etayotgani mazkur tadbirning nufuzini oshirmoqda.

Rossiyadagi Strategik tashabbuslar agentligi Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish markazi direktori Yekaterina Cherkes-Zade anjuman keng ko‘lamda tashkil etilganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu markaz faoliyati mamlakat taraqqiyotining barqaror harakatlantiruvchi omili sifatida kreativ iqtisodiyot, ijodiy sohalarni rivojlantirishning tizimli vositalarini ishlab chiqish va integratsiya qilishga qaratilgan.

–Biz anjumanda 40 nafardan ziyod mutaxassis bilan ishtirok etyapmiz. Ular turli soha vakillaridan iborat bo‘lib, aynan kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha shug‘ullanadi. Albatta, o‘zaro hamkorlik biz uchun juda muhim. Tadbirda o‘z loyihalarimizni taqdim qildik. Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan tadbir turli mavzularni qamrab olgani bilan e’tiborlidir. Biz uchun eng muhimi shuki, Rossiya va O‘zbekiston ushbu yo‘nalish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilmoqda, –dedi Ye.Cherkes-Zade.

Britaniya Kengashining kreativ iqtisodiyot dasturi direktori Rehana Mugal o‘z yurtining kreativ iqtisodiyot bo‘yicha yaxshi natijalarga erishganini ta’kidladi.

–Buyuk Britaniya kreativ iqtisodiyot bo‘yicha yetakchilik qiladi. Negaki, biz ko‘plab sohalar rivojida kreativ yondashuvga ahamiyat qaratganmiz. Umuman, jamiyat hayotining gullab-yashnashi, o‘sishi faqat mablag‘ga emas, balki boshqa jihatlarga ham bog‘liq. Keyingi paytda biz sog‘lom turmush tarziga katta e’tibor qaratganimiz uchun barcha sohalar teng rivojlanyapti. Sun’iy intellektning ish o‘rinlariga ta’siri borligi bois, bugun kreativ iqtisodiyotning imkoniyatlarini yanada yaqqol namoyon etishimiz zarur. Anjumanning birinchi kunida bu borada erishilgan yutuqlarimiz to‘g‘risida so‘zlab berdim, – dedi R.Mugal.

Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Kochetovning qayd etishicha, IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi mintaqada tashkil etilgan asosiy tadbirdir.

–Ushbu anjumanga qatnashayotganimizdan xursandmiz. Qolaversa, u qardosh O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. Bu anjuman mintaqadagi asosiy tadbir hisoblanadi. Biz O‘zbekiston kabi kreativ industriyani faol rivojlantirishga katta e’tibor qaratyapmiz. Ma’lumki, parlamentda bu bo‘yicha qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda va u shu yerda qabul qilinishidan xabardormiz. Anjumanga katta delegatsiya bilan kelganmiz. Ular ham kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishidagi mutaxassislardir. Shuningdek, tadbir doirasida vazirlik uchrashuvi ham tashkil etiladi, – dedi Ye.Kochetov.

Nasiba Ziyodullayeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA