Senat yalpi majlisida O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi 4 yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohalarga oid xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilingan.
Ular orasida 2020 yil 2 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi farmon yurtimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda olib borilgan islohotlar natijasida bir qator xalqaro reytinglarda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi.
Xususan, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhitining yaratilishi natijasida Iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimizning o‘rni 5 pog‘onaga ko‘tarilib, 178 mamlakat orasida 109-o‘rinni egalladi.
So‘nggi 7 yilda esa O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini 57 pog‘onaga yaxshiladi.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, qurilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalarda olib borilgan innovatsion va texnologik rivojlanish O‘zbekistonning Global innovatsiyalar indeksidagi ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga olib keldi. O‘zbekiston mazkur indeksda 132 davlat orasida 93-o‘rindan 82-o‘ringa ko‘tarildi.
Davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, davlat organlari faoliyatiga elektron texnologiyalarning keng joriy qilinishi natijasida Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida respublikamiz o‘z ko‘rsatkichini 18 pog‘onaga yaxshilab, 193 davlat orasida 69-o‘rinni egalladi va bu borada “juda yuqori rivojlanayotgan” mamlakatlar qatoriga kirdi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Korrupsiyani qabul qilish indeksidagi mamlakatimiz ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, ushbu indeksda 180 davlat orasida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini 2020 yilda 146-o‘rindan 2024 yilda 121-o‘ringa olib chiqishga erishildi.
Umuman olganda, so‘nggi 7 yilda indeksdagi mamlakatimiz o‘rni 36 pog‘onaga yaxshilandi.
Mamlakatimizda huquq ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilgan islohotlar natijasida Huquq ustuvorligi indeksida O‘zbekiston so‘nggi uch yilda o‘z ko‘rsatkichlarini 14 pog‘onaga yaxshilab, 142 mamlakat orasida 78-o‘rinni egalladi.
Majlis davomida mamlakatimiz uchun 15 ta ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar va ularga mas’ul vazirlik va idoralar ro‘yxati hamda 2030 yilga qadar maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgani qayd etilib, O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani tayyorlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Muhokamadan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
R.Nazarmatov (surat), O‘zA