Bugungi kunda oramizda xorijda yashash, ishlash yoki o‘qishni orzu qilayotgan insonlar soni tobora ortib bormoqda. Hozirda migrantlar soni o‘rtacha 2 million kishini tashkil etib, shundan 547,7 ming nafarini xotin-qizlar, 647,4 ming nafarini yoshlar tashkil etmoqda.

Afsuski, xorijga ishlash uchun ketganlarning hammasining ham oshig‘i olchi, deb bo‘lmaydi. Ular orasida huquqi toptalgan, sog‘lig‘idan ajralib, qarzga botib yurtga qaytayotganlari ham bor.

Xo‘sh, xorijga borib, yaxshi daromadli ish topish uchun nima qilish kerak? O‘zbekistonlik fuqarolar qaysi davlatlarga borib qonuniy ishlashlari mumkin? 

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Kamola Shukurovaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda sohada xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, uning yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, nomzodlarni kasb-hunarga va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha Yevropa davlatlari va Yaponiya, Koreya, Kanada kabi iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

– Shu maqsadda, 2023 yilda Buyuk Britaniya, Bolgariya, Ispaniya qirolligi, Latviya, Litva, Germaniya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Turkiya, AQSH, Ruminiya, Portugaliya, Slovakiya, Rossiya, Ozarbayjon va Qirg‘iziston kabi davlatlarning vakolatli tashkilotlari vakillari bilan 50 dan ortiq muzokaralar o‘tkazildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining my.labormigration.uz dasturiy majmuasidan onlayn yoki Agentlikning hududiy filiallaridan ro‘yxatdan o‘tish orqali Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Germaniya, Litva, Latviya, Bolgariya, Polsha va Buyuk Britaniya, Turkiya, Chexiya, Vengriya, Kanada, Janubiy Koreya, Serbiya, Isroil, Slovakiya, Finlyandiya kabi mamlakatlarning mehnat bozorlarida ishlash imkoniyati mavjud.

Hozirda 28 ta davlatning 242 ta yirik ish beruvchilar va rekruting agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz, – deydi Kamola Shukurova.

N.Rahmonova, A.Ahmedov, A.Alijonov (video), O‘zA