AOKAda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Abdurauf Rasulov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, avtotransport vositalari importi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ijtimoiy tarmoq orqali qilgan murojaatlarida transport vositalari importida muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirishda muammolarga duch kelayotganliklari iddao qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining “Transport to‘g‘risida”gi qonuni 14- moddasida transport vositalari muvofiqlik sertifikati yoki transport vositasi turini ma’qullash hujjatiga ega bo‘lishi, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transport vositalarini O‘zbekiston hududiga olib kirish, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarish, sotish (realizatsiya qilish) yoki ulardan foydalanish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Bugungi kunda respublikada transport vositalarining muvofiqligini baholash ishlari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament asosida akkreditatsiyadan o‘tgan 11 ta sertifikatlashtirish idorasi va 12 ta sinov laboratoriyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Internet tarmog‘ida muhokamaga sabab bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarida keltirilgan “yangi tartib” aslida 2017-yildan buyon amalda. Bu tartib bekor qilingan emas. Xususan, Reglamentning 5-bandiga asosan, muomalaga chiqarilayotgan transport vositalarining muvofiqligini tasdiqlash uchun transport vositalari turi ma’qullanadi yoki muvofiqlik sertifikati rasmiylashtiriladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, transport vositasi turini ma’qullash hujjati – transport vositalariga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan, bir turga kiruvchi transport vositalarining texnik Reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat bo‘lib, uch yil muddatga cheklanmagan miqdorda transport vositasini import qilish imkonini beradi.

Mutaxassisga ko‘ra, yagona transport vositasi – jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga bir kalendar yili davomida olib kelingan bir dona transport vositasi hisoblanib, soddalashtirilgan tartibda sertifikatlashtiriladi. Ya’ni, jismoniy va yuridik shaxslar o‘z ehtiyojlari uchun bir kalendar yili davomida bir dona import qilingan transport vositasiga muvofiqlik sertifikati asosida, bir donadan ortiq transport vositalari import qilinganda esa transport vositasi turini ma’qullash hujjati asosida erkin muomalaga chiqariladi. Joriy yilning o‘zida 26 ta transport vositasining turi ma’qullanib, davlat reestrida ro‘yxatga olingan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA