Respublika bo‘ylab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari pedagoglarining malaka test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda. Attestatsiyada ishtirok etish uchun 243 ming nafardan ortiq pedagog onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 202 ming nafaridan ortig‘i attestatsiyada ishtirok etishi kutilmoqda.

Attestatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va pedagoglarga malaka toifasini berishning yangi tartibi – pedkadr.uzedu.uz elektron platformasi ishlab chiqildi. Yangi tartibga ko‘ra, sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi (bilish, qo‘llash, mulohaza qilish ko‘nikmalari), ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahoratlari baholanadi.

Sinov materiallari soha mutaxassislari, olimlar va amaliyotchi pedagoglarni jalb qilgan holda testologiya me’yorlari asosida ishlab chiqilgan. Belgilangan mezonlar asosida 42 ta fandan uchta tilda (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) 30 mingga yaqin nazorat sinov materiallari tayyorlandi.

Attestatsiya natijasiga ko‘ra, pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga, natijalar QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.

Bugungi kunda umumta’lim maktablarida jami 525 ming 737 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 53 ming 914 nafari oliy, 101 ming  751 nafari birinchi, 126 ming 759 nafari ikkinchi malaka toifali, 177 ming 122 nafari mutaxassis lavozimiga ega. 66 ming 191 nafari esa toifasiz (o‘rta-maxsus ma’lumotli).

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini shaffof tashkil etish maqsadida test sinovlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri efir (real vaqt rejimida) orqali kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

So‘nggi besh yillikda malaka toifalari dinamikasida yuqori toifali o‘qituvchilar soni ortib, qo‘yi toifali o‘qituvchilar soni kamayib bormoqda. Misol uchun, 2020-yilda 5,8 ming nafar, 2021-yilda 10,5 ming nafar, 2022-yilda esa 33,9 ming nafar pedagog oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Yangi attestatsiya tizimi aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va buning natijasi o‘laroq, mamlakatimizda ta’lim sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA