2019-yildan 2024-yilning o‘tgan davrigacha respublikamizda 1504 nafar bemorda buyrak hamda 93 nafar bemorda jigar bo‘lagi transplantatsiyasi amalga oshirilgan.

Amaliyotlar o‘tkazilayotgan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida buning uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Transplantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan shaxslar sifatli immunosupressor dori vositalari bilan ta’minlab kelinmoqda.

Xususan, Samarqand viloyatida jami 70 nafar bemorda buyrak ko‘chirish amaliyoti o‘tkazilgan. Biroq viloyatdagi markazda donor va retsipiyentlarni transplantatsiyaga tayyorlash hamda undan keyingi davolanishi uchun transplantatsiya bo‘limi tashkil etilmagan.

Bu Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonunning Samarqand viloyatidagi ijrosiga bag‘ishlangan majlisida qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan transplantatsiya masalalari bo‘yicha Etika komissiyasi tuzish haqida, transplantatsiya zarurligi to‘g‘risida tibbiy xulosa berish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida, miya o‘limini aniqlash qoidalari, reanimatsiya tadbirlarini to‘xtatish va inson o‘limini aniqlash protokoli shaklini tasdiqlash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida hamda transplantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan shaxslarni sifatli immunosupressor dori vositalari bilan ta’minlash va doimiy nazorat qilish to‘g‘risidagi buyruqlar qabul qilingan.

Qonunni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da belgilangan ayrim vazifalar bajarilmaganiga e’tibor qaratildi. Xususan, qonun talablarini inobatga olgan holda, tirik donordan yoki inson murdasidan olingan inson a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Jumladan, Samarqand viloyatida immunosupressor qabul qiluvchi har bir retsipiyentning holati, mazkur preparatning dozasi va qoldig‘i haqida aniq ma’lumot beruvchi yagona reestr yuritilmayotgani qayd etildi.

Majlisda inson a’zolari transplantatsiyasi sohasini takomillashtirish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari ham eshitildi. Senatorlar tomonidan sohada mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA