Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli uy-joy qurish ko‘lami kengayadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi Mustaqillik mavzesida yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbariga dastlab Farg‘ona shahrining Bosh rejasi asosida amalga oshirilayotganqurilish-obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.
Prezidentimizning 2016-yil 11-noyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli turar joylar qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu dasturga asosan o‘tgan yili Mustaqillik mavzesida 7 qavatli 5 ta turar joy binosi qurilib, ehtiyojmand oilalarga topshirilgan edi. Mazkur uylar 2 va 3 xonali bo‘lib, yigirma yillik imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgan. Xonadonlarda oilalarning yashashi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan: kvartiralar isitish qozoni bilan ta’minlangan, yo‘laklarga zamonaviy liftlar o‘rnatilgan.
Ayni paytda hududda joriy yilga rejalashtirilgan 10 ta uy qurib bitkazilmoqda. Uylar Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.
2019 va 2020-yillarda bu yerda yana 19 ko‘p qavatli uy qurilishi ko‘zda tutilganbo‘lib, buning natijasida uylar 34 taga, ulardagixonadonlar soni 1428 taga yetkaziladi. Shuningdek, shaharchada 4 qavatli tijorat uylari, mehmonxona, umumta’lim maktabi,bog‘cha, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, ko‘p qavatli avtoturargoh barpo etish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari ko‘p qavatli uylarni qurishda Turkiya, Janubiy Koreya kabirivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgan turar joy binolarini bloklardan barpo etish tajribasini o‘zlashtirish kerakligini ta’kidladi.
Bloklardan quriladigan uy birinchidan tez bitadi, zilzilabardosh bo‘ladi, ham tannarxi arzon tushadi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Rivojlangan davlatlarning barchasida ana shunday uylar qurilmoqda. Mamlakatimizga bloklardan uy qurish bo‘yicha zamonaviy texnologiya olib kelinmoqda. Bunday tajriba kelgusida uy-joy qurilishini ko‘paytirish imkonini beradi.
Ijtimoiy soha xodimlari, yaxshi ishlagano‘qituvchilar va shifokorlarga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar bunyod etishga kirishish, ular uchun boshlang‘ich badal to‘lovida imtiyozlar berish istiqboldagi rejalardan ekani qayd etildi.Shunday qilsak, jamiyatimizda adolatni ta’minlagan bo‘lamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda viloyatdagi mavjud infratuzilma inshootlarini saqlash va undan samarali foydalanish, Farg‘ona, Marg‘ilon, Quvasoy va Qo‘qon shaharlaridagi ko‘p qavatli uylarni isitish tizimini qayta tiklash, viloyatda ichimlik suv va oqovatizimlarini rivojlantirish loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.
Prezidentimiz Farg‘ona viloyatining yirik markazlaridan bo‘lgan ushbu to‘rtshaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining muammolarini hal etish, yo‘l, ichimlik suv va uy-joy infratuzilmasiniyaxshilash, yangi ish joylari tashkil etishni ko‘paytirish yuzasidan mazkur shaharlar hokimlarigazarur topshiriqlar berdi.
Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.

 

Matnazar Elmurodov,O‘zA