Shavkat Mirziyoyev: harbiylar barchaga namuna bo‘lishi kerak

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda bo‘ldi.
Bu yerda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan vazifalar ijrosi bilan tanishdi, havo desantchilar brigadasi mashg‘ulotlarini bevosita kuzatdi, harbiylar bilan muloqot qildi.
0a1b4196-15ee-96cc-eb59-c08a8c3d6861.jpg
Mamlakatimiz sarhadlari himochilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish doimiy e’tiborda. Xususan, ushbu harbiy qismda ham Vatan himoyachilarining o‘z xizmat burchlarini namunali o‘tashlari uchun barcha sharoit yaratilgan.
Davlatimiz rahbari harbiy qismda tashkil etilgan Madaniy hordiq markazi, kutubxonani o‘z ichiga olgan Ma’naviyat markazi, autsorsing tizimi joriy etilgan oshxonani kirib ko‘rdi.
4305a263-9895-fe6e-1450-9a9477e28c5d.jpg
– Vatanni sevish – ulug‘ fazilat. Yoshlarimizni ana shunday fazilatli qilib tarbiyalashimiz kerak. Buning uchun siz kabi mag‘rur, baquvvat yigitlar namuna bo‘lishi zarur. Yoshlar bilan tez-tez uchrashib turishi, ularni milliy iftixor, vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Uchrashuvda harbiylarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlash ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi qayd etildi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini takomillashtirish lozimligi aytildi.
Havo desantchilari tayyorgarligini oshirib borish uchun aerodinamik trenajyorlar o‘rnatish, “Vatanparvar” tashkilotlari qoshida parashyutchilar to‘garaklari ochish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA