“Tashkent City Maall”da “O‘zbekistonda xalqaro brendlar uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda OAV xodimlari hamda jahonning nufuzli brend kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, xususan eksportni kengaytirish uchun nufuzli xorijiy brendlarni jalb qilish muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi. Shu maqsadda xalqaro brendlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun mamlakatimizda qator huquqiy va tashkiliy mexanizmlar yaratilmoqda.

Xorijiy brendlar mamlakatga kirib kelishi bilan qator yirik masalalar hal qilinadi. Jumladan, ishlab chiqarishga xalqaro standart, ekologiya va sertifikatlash talablari qo‘yiladi. Buning uchun mahalliy korxonalarda mutaxassislar zarur talab asosida o‘qitiladi, ishchilarga munosib mehnat sharoiti yaratiladi. Brend-mahsulotlarni olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona tartibi joriy qilinadi.

Ta’kidlash joiz, 2022-yil 12-oktyabrda davlatimiz rahbari “Aholini xalqaro brendlarning sifatli mahsulotlari bilan ta’minlash va mahalliy korxonalarning global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kirishi uchun qo‘shimcha sharoit yaratishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu hujjat asosida xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlari, jumladan, kiyim-kechak, parfyumeriya mahsulotlari, sport kiyimlari, poyabzal va zargarlik buyumlarini import bojxona boji pasaytirilgan stavkasida mamlakatga olib kirish imkonini beruvchi Reestrni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Matbuot anjumanida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5-martda qabul qilingan xalqaro brendlar tovarlarining ayrim turlarini brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari bilan tuzilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida import qiluvchilar reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish haqidagi qaror mazmun mohiyati xususida ma’lumot berildi.

– Ushbu nizomga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgarish natijasida xalqaro brendlar tovarlarini import qiluvchilar Reestri inson omili minimallashtirilgan elektron tizim orqali yuritilishi yo‘lga qo‘yildi, – dedi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mutaxassisi Feruz Hojimatov. – Shuningdek, arizani ko‘rib chiqish muddati 25 kundan 14 kunga qisqartirildi. Reestrga kirish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘ziga tegishli (yoki ijara) chakana savdo shoxobchasiga ega bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi talab yengillashtirilib, 1 ta shoxobchaning o‘zi kifoya bo‘lishi belgilandi. Xalqaro brendning patentlangan tovar belgisi (logotip), shiori, reklama roligi, tovarning xalqaro elektron onlayn savdo maydonida mavjudligi hamda olib kiriladigan brend mahsulot sifatini tasdiqlovchi hujjat talab qilish amaliyoti bekor qilindi.

Mazkur hujjat xalqaro brendlar tovarlarini import qiluvchilar reestrini yuritish jarayonini raqamlashtirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Bugungi kunga qadar xalqaro brendlarni olib kirish yuzasidan qabul qilingan arizalar orasidan 40 dan ortiq brendga 60 sertifikat taqdim etildi. Shu tariqa jahonning “Mango”, “Massimo Dutti”, “Pull&Bear”, “Bershka”, “Oysho”, “Stradivarius”, “Oxxo”, “Ecco”, “Next”, “Gerry Weber”, “Swarovski” “Adidas”, “Chanel”, “Zara” singari 20 ga yaqin nufuzli brendi “Tashkent City Mall” savdo markazida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

E’tiborlisi, kiyim-kechak sohasiga oid 30 dan ziyod “LC Waikiki”, “Cotton”, “Defacto”, “Colin’s”, “Terranova”, “Baldessarini”, “The North Face”, “Engelbert Strauss GmbH & Co. KG”, “Pierre Cardin” kabi xalqaro brendlar, jumladan Germaniyaning 11 ta, Italiya va Turkiyaning 7 tadan hama AQSH, Fransiya va Xitoyning 2 tadan brendi bilan Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand viloyatlarida kooperatsiya loyihalari ishga tushirildi.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA