Mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat Dushanbe “Katta Dubulg‘a” turniri yakunlandi.

Tojikiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan  uch kunlik nufuzli musobaqada 65 davlatning 390 nafar mahoratli dzyudochilari medallar hamda Parij-2024 Olimpiadasining reyting ochkolari uchun kechgan bahslarda o‘z omadlarini sinab ko‘rdi.

Yosh dzyudochilardan iborat tarkib bilan ishtirok etgan mamlakatimiz terma jamoasi uchun Dushanbe tatamilaridagi bellashuvlar tajriba-sinov vazifasini o‘tadi. Shunday bo‘lsa-da, iste’dodli sportchilarimiz bahslarda munosib qatnashdi.

Umidli dzyudochilarimizdan Muhammad Jumayev -73 kiloda kuchli sportchilar bilan munosib bellashib, bronza medaliga sazovor bo‘lish asnosida Xalqaro dzyudo federatsiyasida ilk bor o‘z reyting ochkolarini jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

Xalqaro turnir yakuniga ko‘ra, umum jamoada Shveysariya terma jamoasi 2 ta oltin va 2 ta kumush medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Avstriya terma jamoasi 2 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan ikkinchi, italiyaliklar 2 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan kuchli uchlikdan joy olishdi.

Tojikistonlik dzyudochilar 1 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza medali evaziga 4-o‘rin bilan kifoyalandi.

Endi yurtimiz dzyudochilari 10-12-may kunlari Qozog‘istonda o‘tadigan “Katta dubulg‘a” turnirida ishtirok etishadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA