—
Yevropa va Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi hamkorlik tarixi bir necha asr nariga borib taqaladi. Ayniqsa, qadimiy Buyuk Ipak yo‘li aloqalar jadallashiga xizmat qilgan. Bugun ham Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorligi ikki va ko‘p tomonlama munosabat doirasida mustahkamlanib bormoqda.
E’tiborli jihati, Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibadorlik markazi va yangi iqtisodiy imkoniyat makoniga aylanmoqda. Bu zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish, “yashil” energetikani joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, rivojlangan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng sarmoyaviy va texnologik hamkorlik misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash miqdori “GSP+” tartibi tufayli barqaror o‘sib bormoqda.
“Diplomatik rakurs” loyihasining bu galgi sonida Yevropa va Markaziy Osiyoda mintaqalararo sheriklik imkoniyati va ayni jarayonda mamlakatimizning o‘rni, shuningdek hamkorlikni kengaytirish istiqboli xususida siyosatshunos, Jahon iqtisodiyot va diplomatiya universiteti o‘qituvchisi Qahramon Dalimov bilan tahlil qilamiz.
– Qahramon aka, aytingchi, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqalararo sheriklik bugun qanchalik dolzarb?
– Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik bugungi kunda bir necha sababga ko‘ra dolzarb.
Birinchidan, Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasida muloqot va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng qamrovli jarayonni ilgari surish muhim. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, global va mintaqaviy vaziyat keskin o‘zgardi, bugungi kunda Yevropa hamkorlari tomonidan Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonini yanada faol qo‘llab-quvvatlashni talab qilmoqda.
Ikkinchidan, mintaqaviy hamkorlik energiya, atrof-muhit, iqlim, suv resurslarini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, jumladan, ta’lim va tadqiqot sifatini oshirish imkoniyati, ayniqsa, mintaqaviy xavfsizlik masalasi alohida ahamiyatga ega.
Bu yo‘nalishda EIning Afg‘onistondagi vaziyat tufayli bugungi kunda murakkablashgan terrorizm, radikalizm va diniy ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va boshqa umumiy muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma dasturlari doirasida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Bular Markaziy Osiyo va EI o‘rtasidagi mintaqamiz uchun juda muhim bo‘lgan hamkorlikning ba’zi jihatlari, xolos.
– Hamkorlikning bugungi holatini qanday baholaysiz?
– Markaziy Osiyo qulay geosiyosiy mavqega ega bo‘lgan dunyoning eng jadal rivojlanayotgan mintaqalaridan biri. Global iqtisodiy jarayondagi roli oshib borayotgani sababli, mintaqamizga yirik davlatlarning qiziqishi ortmoqda. Yevropa Ittifoqi hali, Xitoy, Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlaridan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyoning asosiy sherigi emas.
Mintaqaning alohida ahamiyati tashqi savdo miqdori o‘sishi sur’atida ham aks etmoqda. Xitoy bu borada yetakchi: 2022-yil 2021-yilga nisbatan Markaziy Osiyo bilan tovar ayirboshlashni qariyb ikki barobar oshirib, 70 milliard dollarga yetkazdi. EI ham shunday ijobiy o‘zgarish namoyish etmoqda – ayni davrda Markaziy Osiyo bilan savdo aylanmasi 27 milliard dollardan 47 milliard dollarga chiqdi.
Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va ayrim arab davlatlari ham mintaqada Yevropa Ittifoqi bilan raqobatlashishi mumkin.
Markaziy Osiyo hech qachon EI hayotiy manfaati sohasida yoki tashqi siyosat kun tartibi markazida bo‘lmagan: ilk bor “Yevropa Ittifoqi xavfsizlik strategiyasi” rasmiy hujjatida faqat 2003-yil paydo bo‘lgan.
Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqi uchun birinchi navbatda geografik joylashuvi bilan muhim. Qulay, geostrategik joylashuvga ega mintaqamizda energiya resurslarining ulkan zahirasi, bozorga kirish borasida yuksak salohiyati mavjud.
Markaziy Osiyo ekspertlar hamjamiyati hamkorlikning bir necha muammoli yo‘nalishlari, jumladan, EI mintaqaning umumiy xususiyatini yetarli darajada bilmasligi va hisobga olmasligi, EIning boshqa tashqi subyektlar – Rossiya, Xitoy, Hindiston bilan to‘liq muloqoti yo‘qligi yoki qoidalarga mos kelmasligi – munosabatning huquqiy va shartnomaviy asosi va boshqa jihatlarni ta’kidlamoqda.
Bugungi kunda mintaqalarimiz o‘rtasida yaqinlashuv kuzatilmoqda. Joriy yil aprel oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan EI va Markaziy Osiyoning besh davlatining birinchi rasmiy sammiti ana shu yaqinlashuv in’ikosidir. Istiqbolli rejalar Bryusselda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha sarmoyaviy forumi yopilish marosimida rasman e’lon qilinishi Yevropada ikki mintaqaning misli ko‘rilmagan yaqinlashuvi, deya baholanganiga yana bir dalil. 2022-yil boshidan buyon Markaziy Osiyo davlatlari va EI o‘rtasidagi aloqa yanada kuchaydi.
Bu davlat va tashqi ishlar idoralari rahbarlarining o‘zaro tashriflari soni ortib borayotganida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrell shunday ta’kidladi:
– Biz (EI) aloqani rivojlantirishga yetarli e’tibor bermagan bo‘lishimiz mumkin. Ikki mintaqa birgalikda bu kamchilikni tuzatishga ahd qildik.
Shu bois Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi ishtiroki barcha sohalarda faollashishidan umidvormiz.
– Hududlararo aloqani mustahkamlash yo‘lidagi say’-harakatlarni qanday baholaysiz? Ehtimol, bu borada muayyan to‘siqlar bordir?..
– Fikrimcha, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning besh davlati bilan munosabatdagi xilma-xillik va o‘sish sur’atining o‘ziga xosligini ko‘proq hisobga olishi, mintaqadagi boshqa tashqi hamkorlar va loyihalar mavjudligi va ahamiyatini tan olishi zarur.
Mana shu ikki omil EI strategiyasini Markaziy Osiyoda muvaffaqiyatli amalga oshirish yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin.
– Mintaqalararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqboli qanday?
– Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabat ham mintaqaviy barqarorlik, ham iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim ahamiyatga ega.
EI hamkorlikni rivojlantirish va mintaqada barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirish istagini bildiradi. Tuzilmaning asosiy tashabbuslaridan biri – iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, demokratiya va inson huquqini mustahkamlash, shuningdek, barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan 2019-2025-yillar oralig‘idagi davrga mo‘ljallangan EI – MO harakat rejasidir.
Uzoq muddatli istiqbolda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabat rivojlanishi nafaqat iqtisodiy taraqqiyot va turli sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash, balki butun mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni oshirish uchun shart-sharoit yaratishga ham xizmat qiladi. Iqlim o‘zgarishi, transmilliy terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash kabi umumiy muammolarni hal etishda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va muloqot muhim ahamiyatga ega.
EI transport yo‘nalishlari, energiya va qimmatbaho metall kabi resurslar yetkazib beruvchilarni diversifikatsiya qilishdan manfaatdor. Markaziy Osiyo davlatlari esa, o‘z navbatida, iqtisodiy ahvolini yaxshilash uchun Yevropa Ittifoqidan sarmoya jalb etishdan manfaatdor. Shu va boshqa ko‘plab omillar o‘zaro munosabat istiqboli uzoq muddatli strategik xususiyatga egaligidan dalolat.
– Bu jarayonda O‘zbekiston qanday o‘rin egallaydi?
– O‘zbekiston rahbariyati sa’y-harakati natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi. Bir necha yil ichida o‘nlab yillar davomida to‘planib kelgan, yechimiga, deyarli, hech kim ishonmagan ko‘plab muammolar hal qilindi.
Bugun vaziyat keskin o‘zgardi. O‘zbekiston Prezidenti mintaqa davlatlari barqarorligi va farovonligi yo‘lida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatida ochiq, tizimli va samarali muloqot o‘rnatish tashabbusi bilan chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekiston – ko‘p millatli xalqimiz uchun erkin, farovon hayot kechirishini ta’minlashdan iborat davlat qurish siyosati tufayli ham Yevropa Ittifoqi, ham alohida davlatlar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, dinamik rivojlanishning yangi darajasiga erishildi.
O‘tkir Alimov suhbatlashdi.
O‘zA