ONLAYN: Suvni tejash orqali Orolga ko‘mak beramiz

Ingliz talaffuzida o‘zbek tili qanday jaranglashini tinglab ko‘rganmisiz? Yo‘q, bu juda qiziq bo‘lsa kerak deysizmi? Albatta, Orol muammosi haqidagi bu nutqdan biz ham ta’sirlandik.
– Orol dengizining qurib qolishi nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo balki butun dunyoga ta’sir etishini unutmasligimiz kerak, – deydi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon Mak Gregor.– Ana shuni his qilgan holda biz bugungi tadbirda ishtirok etishdan xursandmiz. E’tiborli jihati O‘zbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar bizning ham maqsadlarimizga mos tushmoqda. Zero, bizda ham unda ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar borasida tegishli majburiyatlarimiz bor.
“Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yana bir qator ma’ruzalar tinglandi. Xususan, Xalqaro suvni boshqarish institutining Shri Lankadagi bosh rahbari Xerat Mantritilake Orolni to‘ldirish borasida o‘zining taklifini berdi.
– Bizning fikrimizcha, Markaziy Osiyoda yaxshi imkoniyatlar bor. O‘zbekistonning bu borada o‘ziga xos g‘oyalari, qarashlari va innovatsion takliflarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu borada ko‘maklashish maqsadida biz ham Farg‘ona, Andijon va Surxondaryo kabi Amudaryo, Sirdaryo bo‘ylab joylashgan viloyatlarda tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish usullarini tatbiq etish loyihasini olib boryapmiz. Maqsad suvni tejash orqali Orolga ko‘proq suv yetib borishini ta’minlash. Shuningdek, aholini sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash.
Konferensiya ishtirokchilari Orol muammosi jahon hamjamiyatining global masalalaridan biriga aylanib borayotganini tan olishdi. Orolning qurishi keyingi 50 yildan buyon Markaziy Osiyo mintaqasi uchun keng ko‘lamli ekologik va ijtimoiy salbiy oqibatlar olib kelmoqda.
Bu boradagi oqibatlarning oldini olish, aholiga ko‘mak berish, hayvonot va o‘simliklar dunyosini asrab qolish borasida ham qator ma’ruzalar tinglanmoqda.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA