Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) xabariga ko‘ra, “Saudiya media forumi-2024” doirasida xotin-qizlarning media sanoatidagi roli va sohada insoniy qadriyatlarni mustahkamlash mavzulari muhokama qilindi.
“Ayol jurnalistlar tinchlik va inklyuzivlik uchun media tarixini shakllantirmoqda” nomli sessiyada “Ar-Riyod” gazetasi ayollar bo‘limi boshqaruvchi muharriri Navol Al-Jabr, “Al-Arabiya” kanali boshlovchisi Kristina Bisri, jurnalist va media strateg Yevgeniya Abu va yana bir necha ijodkor ishtirok etdi.
Ekspertlar adolat va tenglikka asoslangan yangi, sivilizatsiyalashgan madaniyatni barpo etishda shaxs va jamiyat o‘rtasidagi muloqotning ahamiyati, tinchlik va bag‘rikenglik madaniyatini targ‘ib etishda ayollarning muhim o‘rni, muammo va hodisani yoritishda xotin-qizlarning alohida rolini qayd etdilar.
Muloqot davomida ayollarning media-kommunikatsiya texnologiyalarini tarqatishga hissasi, raqamli media madaniyatini shakllantirishga ta’siri, media makoni va biznesni o‘zgartirish bilan bog‘liq zamonaviy jarayon va tendensiya, zamonaviy media makonida axloqiy me’yorlar, xotin-qizlar ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ilgari surishiga oid ommaviy axborot vositalaridagi muvaffaqiyatli tajriba kabi mavzular ham tahlil qilindi.
So‘nggi yillarda xotin-qizlar siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning boshqa turli muhim masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini shakllantirishda faol ishtirok etayotgani, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik loyihalarida yetakchilikni qo‘lga olayotgani ta’kidlandi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA