12 fevral kuni Samarqanddagi Kongress markazida BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiyasi (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasi 14-yig‘ilishining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1979 yilda Germaniyaning Bonn shahrida qabul qilingan va 1983 yilda kuchga kirgan mazkur konvensiyaga dunyoning 133 davlati a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston 1998 yilda konvensiyaga qo‘shilgan va shundan buyon uning ishida faol qatnashib kelmoqda. Shu bois ham Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor yurtimizda konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bundan avvalgi 13-yig‘ilish, pandemiyadan oldin Hindistonda tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida yig‘ilib qolgan ko‘plab masalalarga ishtirokchilar bu gal Samarqandda yechim topishga, muhim mavzular yuzasidan yuzma-yuz fikr almashishga ahd qilgan.

“Tabiat chegara bilmaydi” shiori ostida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda xalqaro tashkilotlar vakillari, 130 mamlakatdan 1800 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.

Dastlab Prezident Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, tadbirda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrosi direktori Inger Andersen xonim, Ko‘chib yuruvchi turlar bo‘yicha konvensiya ijrochi kotibi Emi Frankel, Global ekologik jamg‘arma bosh direktori Karlos Rodriges, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi direktori Gratel Agilar va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur tadbir dunyoda iqlim o‘zgarishlari kuchayib borayotgan bugungi sharoitda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.

– Biz bugun migratsiya turlari kelajagi uchun hal qiluvchi pallada turibmiz, – dedi ko‘chib yuruvchi turlar bo‘yicha konvensiya ijrochi kotibi Emi Frankel. – Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu uchrashuv ko‘chib yuruvchi turlarni saqlashga sodiq bo‘lgan hukumatlar va jahon hamjamiyatini birlashtirgan holda transchegaraviy hamkorlik muhimligini ko‘rsatmoqda. Yig‘ilishimiz kun tartibi keng qamrovli va ko‘plab masalalarni muhokama etish, bir qator muhim hujjatlar qabul qilish ko‘zda tutilgan. Har yili milliardlab hayvonlar yerda, okeanlarda va osmonda ko‘chib yurishadi, milliy chegaralar va qit’alarni kesib o‘tadi. Ba’zilari esa oziqlanish va ko‘payish uchun dunyo bo‘ylab minglab kilometrlar yo‘l bosadi. Ular yaxshi ishlaydigan ekotizimlarning ajralmas qismi, jumladan, oziq-ovqat manbai, turizmdan olinadigan iqtisodiy foyda va o‘simliklarni changlatish, asosiy ozuqa moddalarini tashish, zararkunandalarni yo‘q qilishda ahamiyati katta. Shuning uchun ularga e’tibor shunga yarasha bo‘lishi kerak. Konvensiyaga a’zo davlatlar vakillari, vazirlar, xalqaro tashkilotlar mas’ullari bilan bugun yo‘qolib ketish xavfi oshib borayotgan turlar bo‘yicha fikr almashamiz, o‘zimizning xulosalarimizni taqdim etamiz. Va albatta, kelgusidagi vazifalarni belgilab olamiz.

O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov davlatimiz rahbarining alohida e’tibori bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishining oldini olish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ta’kidladi. Muhofaza etiladigan hududlar maydonini 6 million gektarga yetkazish bo‘yicha sa’y-harakatlar, respublika bo‘ylab har yili 200 million tup ko‘chat ekish ko‘zda tutilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilayotgani, Orolbo‘yi hududi ekotizimlari yaxshilanayotgani shular jumlasidandir.

– Ushbu hafta davomida biz migratsiya turlari bilan bog‘liq qator masalalarni, jumladan, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarini muhokama qilamiz, – dedi A.Abduhakimov. – Maqsadimiz – ekotizimlar va sog‘lom sayyorani saqlashda muhim rol o‘ynaydigan ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash bo‘yicha yechim topish va samarali rejalar ishlab chiqish.
CMS COP14ning bir haftalik kun tartibida yuzdan ortiq masalalarni ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, birinchi kungi tadbirlar doirasida ko‘chib yuruvchi yovvoyi tabiat turlarining holati to‘g‘risidagi birinchi global hisobot taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ko‘chib yuruvchi turlar va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik, ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash bo‘yicha transchegaraviy va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning atrof-muhit dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen xonim va boshqa nufuzli mehmonlar, delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xalqaro forum davom etmoqda.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari