Mavjud qonunchilikka muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining boshlang‘ich sinflarida informatika fani, xususan, 1-sinfdan informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qitilishi belgilangan. Bunda eng avvalo maktablarda kompyuter sinfxonalarining moddiy-texnik bazasi ko‘zdan kechirilishi talab etiladi. O‘tgan 2023-yilda Toshkent shahridagi maktablarning barcha kompyuter xonalari ham xatlovdan o‘tkazilganida, mavjud 335 ta maktabdan 258 tasida kompyuter jihozlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan. Ushbu ehtiyojni qoplash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktablarga 304 dona kompyuter sinfxonasi to‘plami jo‘natilgan. Har bir to‘plam 16 ta kompyuter, 1 dona printer, konditsioner, interaktiv doska va serverdan tashkil topgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligida pedagog kadrlar malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish, tizimdagi o‘quv binolarini qurish va ta’mirlash, malaka sinovlari jarayonlarini izchil davom ettirish, ta’limni raqamlashtirish va IT ta’limini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan “Vazir soati” da ma’lum qilinishicha, o‘tgan ikki yil davomida 6 500 dan ortiq maktab sinfxonasi zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlangan,  joriy yilda yana 1 ming 114 ta maktab sinfxonasi jihozlanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, tizimdagi 160 ta funksiyani amalga oshirish jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilish davomida Hilola Umarova o‘quvchilarning bilimli va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun pedagoglarning kasbiy bilim va mahorati uzluksiz oshirib borishi zarurligi hamda bu borada 2024-yilda 73 ming nafardan ortiq pedagogning malakasi oshirilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Qayd etilishicha, joriy yilda rahbar va pedagog kadrlarni kasbiy rivojlantirish yo‘nalishi hamda maktabgacha va maktab ta’limining yaxlit malaka oshirish tizimi tashkil etilib, malaka oshirish muassasalari moddiy-texnik bazasi takomillashtiriladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA