Ozarbayjon davlat pedagogika universitetining Guba shahridagi filialida “O‘zbekiston – Ozarbayjon: turk dunyosi targ‘iboti va madaniyati markazi” ish boshladi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan majmuaning tantanali ochilish marosimida Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Isa Gabibbeyli, TDPU rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, “O‘zbekiston – Ozarbayjon” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Erkin Nuriddinov, shuningdek ikki mamlakat ziyolilari, ilm-fan namoyandalari va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu markaz O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga, o‘zbek tili va adabiyotini, mamlakatimiz madaniyati, tarixini, yurtimiz zamonaviy taraqqiyoti bosqichlarida erishilgan yuksak natijalarni keng targ‘ib qilishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

O‘zA