O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan “Primore o‘lkasi koreyslari milliy-madaniy avtonomiyasi” jamoat tashkiloti bilan birga Ussuriysk shahrida “Palov festivali” o‘tkazildi.

Hududda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, o‘zbek, koreys va boshqa millat diaspora tashkilotlari faollari, O‘zbekistonda tug‘ilib, o‘sgan koreyslar, mahalliy aholi va vatandoshlarimiz qatnashgan anjuman mamlakatimiz savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan boshlandi.

Tadbir qatnashchilari e’tiboriga mamlakatimizda sayyohlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayni yo‘nalishdagi keng imkoniyat, xususan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi ko‘hna shaharlarimiz, ayniqsa “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasi doirasida qilinayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar havola qilindi.

Primoredagi havaskor oshpazlar o‘zbek palovini tayyorlash bo‘yicha bahslashdilar. Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Qashqadaryo oshi tayyorlandi, mehmonlar uchun palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. San’at ustalari tomonidan ijro etilgan kuy, qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Festival yakunida g‘olib va sovrindorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zA