Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning harbiy harakati kuchayib borayotganidan xavotir bildirib, Rafoh va Karam Ab-u Salim chegara manzili yopilishi gumanitar vaziyatni yomonlashtirishiga e’tibor qaratdi.

Guterrish BMT qarorgohida matbuot uchun bayonot berib, Isroil, Falastin va butun mintaqa xalqlari taqdiri hal qiluvchi nuqtada ekanini qayd etdi. Isroil va XAMAS kelishuvi G‘azodagi Falastin xalqi va mahbuslar yaqinlari azobini yengillashtirish uchun zarurligiga urg‘u berdi. Shuningdek, bir necha hafta davom etgan, G‘azoda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan diplomatiya natija bermasa, vaziyat fojiali tus olishini aytdi. Har ikki tomonni kelishuvga erishish uchun sa’y-harakatni kuchaytirishga chaqirdi. O‘t ochishni to‘xtatish, asirlarni ozod qilish va inqiroz yoqasidagi mintaqada vaziyatni barqarorlashtirish uchun kelishuv zarurligini ta’kidladi.

– Mintaqa va dunyo uchun berilgan bu imkoniyatni qo‘ldan boy berib bo‘lmaydi, – deya qo‘shimcha qildi u. – Afsuski, voqealar “teskari yo‘nalishda” rivojlanmoqda. Rafoh va Karam Ab-u Salim chegara punktlari zudlik bilan ochilishi kerak. Rafohga quruqlikdan hujum qilishdek strategik xato siyosiy falokat keltiradi. Isroil hukumati keskinlikni to‘xtatib, diplomatik muzokarani boshlashi kerak. Bizga yetarli emasmi? Juda ko‘p begunoh insonlar o‘lim va vayronagarchilikka duchor bo‘ldi.

Guterrish shaharga qilingan kompleks hujum insoniy falokatga olib kelishini, G‘azoda biror xavfsiz joy qolmaganini ta’kidladi. Rafoh ham insonparvarlik yordami amaliyoti uchun markazligi, hududga qilingan hujum, sektorda ocharchilik kuchaygani sababli, yordam operatsiyasini murakkablashtirishini eslatdi.

Hatto, Isroilning “do‘stlari” ham Rafohga quruqlikdan hujum qilishdan qat’iy ogohlantirganini ta’kidlagan BMT rahbari xalqaro hamjamiyat zimmasida o‘t ochish to‘xtatilishini ta’minlash, mahbuslarni ozod qilish va gumanitar yordamni ko‘paytirish majburiyati borligiga urg‘u berdi, Isroilga nisbatan ta’sir kuchiga ega barcha davlatlarni shunga da’vat etdi.

– Tomonlar uchun mavjud imkoniyatdan foydalanish va kelishuvga erishish vaqti keldi, – deya xulosa qildi Bosh kotib.

G.Sattorova,
O‘zA