“Navoiyazot” AJda mavjud ishlab chiqarish quvvatlari hamda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma korxonalarni azot va kislorod bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida havoni taqsimlash qurilmasini barpo etish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 2-3-may kunlari bo‘lib o‘tgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida dunyoning ilg‘or kompaniyalari hisoblangan “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklar ishtirokida yangi yirik loyihalarga start berildi.

Korxonada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 66,6 million dollar bo‘lib, Germaniyaning “Linde” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etiladi.

– Loyiha 2024-2026-yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan, – deydi korxona boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sharif Kenjayev. – Loyiha to‘liq ishga tushgandan keyin 30 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 224 mln. m3 gazsimon azot, 200 mln. m3 kislorod ishlab chiqariladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori 52,6 million dollarni tashkil etadi. Loyihani joylashtirish bo‘yicha 2,1 ga yer maydoni ajratilgan va loyiha bosh rejasi olingan.

Shuningdek, forum doirasida 300 mVtli quyosh fotoelektrostansiyasini qurish loyihasiga ham start berildi.

Xitoyning “Sinoma energy” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirishi kutilayotgan stansiyani 2025-yilga qadar barpo etish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning dastlabki qiymatini 280 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kredit mablag‘lari tashkil etib, 35 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha tabiiy resurslarni tejash, ishlab chiqarish jarayonida muqobil energiya manbalaridan yanada samarali foydalanish imkonini beradi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri