Chilonzor tumanidagi “Xirmontepa” mahalla fuqarolar yig‘inida 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bugun bu mahalla ham yangicha qiyofa kasb etmoqda. Bu yerda Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Yangidan qabul qilinayotgan “Obod mahalla” dasturi asosida bunyod etilayotgan yangi mahalla markazida mahalla oqsoqoli, maslahatchilar, profilaktika inspektorlari uchun xonalar, qariyalar dam olish xonasi, kutubxona, kommunal to‘lovlarni qabul qilish shoxobchasi, bolalar maydonchasi, aholi dam olish joylari, qulay o‘rindiq va soyabonlar, favvoralar, sport inshooti qad rostlamoqda.
Prezidentimiz bu yerda mahalla faollari bilan muloqot qildi, ularning muammolari, dardu o‘ylari bilan qiziqdi.