O‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida tennis bo‘yicha “Devis kubogi”ning I Jahon guruhi uchun saralash doirasida O‘zbekiston – Polsha terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Unda Polsha terma jamoasi g‘alaba qozondi.
Mazkur bahsdan so‘ng Denis Istomin yosh tennischimiz Amir Milushevga qarshi ko‘rgazmali o‘yin o‘tkazdi. Bu esa, afsuski, Denis uchun faoliyatidagi so‘nggi bahs bo‘ldi. Ha, Denis Istomin professional faoliyatini yakunladi.
Shu o‘rinda afsonaviy tennischimiz Denis Istominning faoliyati haqida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Uzoq yillar davomida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi bo‘lgan Denis Istomin mazkur sport turi bilan shug‘ullanishni besh yoshidan boshlagan. Denisni sportchi sifatida onasi Klavdiya Istomina shug‘ullantirgan.
Tennischimiz 2001 yilda “Fyuchers” turkumiga kiruvchi musobaqalardan biriga ketayotib, avtohalokatga uchraydi. Natijada u bir necha yil davomida sportdagi professional faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi. U 2003 yildagina katta tennisga qaytadi. Shu yildan boshlab mahoratini oshirish ustida tinimsiz ishlaydi va yaxshi natijalar ko‘rsata boshlaydi. 2005-2011 yillar davomida Denis Istomin “Chellenjer” va “Fyuchers” turkumlariga kiruvchi yakkalik bahslarida 14 marotaba g‘alaba qozondi. Juftlik bahslarda esa 15 marotaba finalda ishtirok etib, 11 marta g‘olib chiqdi.
2010 yilda tennischi Osiyo o‘yinlarida ikkita kumush medalga ega bo‘ldi. Ulardan biri yakkalik bahslarda qo‘lga kiritilgani bilan ahamiyatlidir. 2013 yilda Denis Istomin Moskvada o‘tgan ATP turniri juftlik bahslarida o‘zining birinchi sovriniga ega chiqdi.
Tennischimiz 2014 yil Incheonda o‘tgan Osiyo o‘yinlarining jamoaviy bahslarida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Buyuk Britaniyaning Nottingem shahrida Professional tennischilar uyushmasi – ATR turkumiga kiruvchi “Aegon Nottingham Open – 2015” xalqaro turnirida ham yuksak saviyada o‘yin namoyish etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u o‘sha yili Shveysariyada o‘tkazilgan “Suisse Open Gstaad” an’anaviy xalqaro turnirining juftlik bahslarida g‘olib bo‘ldi. 2017 yili esa Xitoyda o‘tkazilgan xalqaro turnirning bosh sovrini sohibiga aylandi.
2018 yilgi sport mavsumi Denis Istomin uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Tennischimiz AQSH va Qozog‘istonda o‘tgan “Chellenjer” turkumidagi musobaqalarda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u Indoneziyada o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonib, nafaqat o‘zbek, balki Markaziy Osiyo sportchilari o‘rtasida birinchi bo‘lib, 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, D.Istomin ushbu yilda Brisben turnirining chorak finaliga qadar yetib bordi. Avstraliya ochiq chempionatida esa ikkinchi raundiga qadar o‘yin o‘tkazdi.
Iyun oyida u Shtutgartda o‘tkazilgan nufuzli musobaqada chorak finalga chiqdi. Avstriyaning Kitsbyuel shahridagi turnirda muvaffaqiyatli o‘ynadi. Denis musobaqaning ikkinchi davrasida amaldagi turnir chempioni Filipp Kolshrayberga qarshi o‘yinda g‘alaba qozondi. Chikago va Almati shaharlaridagi “Chellenjer”da g‘alaba qozondi. 2022 yilning oktyabr oyida esa tennischimiz Italiyadagi juftlik bahsida g‘alaba qozondi va bugunga qadar turli nufuzli turnirlarda ishtirok etdi.
Albatta, Denis Istomin o‘tgan 20 yil davomida mamlakatimiz tennisida o‘chmas iz qoldirdi va uning yuqori natijalari va muvaffaqiyatlari uchun unga minnatdorlik bildirib qolamiz. Umid qilamizki, u endilikda murabbiy sifatida o‘zbek tennisini yanada yuksaltiruvchi yoshlarni kamol toptirishga bel bog‘laydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA