O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Toshkent-Sharqiy” aerodromi bazasida barpo etilayotgan biznes-aviatsiyasi aeroporti qurilish uchastkasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 2-dekabr kuni “Toshkent-Sharqiy” aerodromi hududidagi mazkur loyiha bilan tanishib, biznes aviatsiyani tashkil etish va bunday turdagi barcha xizmatlarni ko‘rsatishga qodir zamonaviy infratuzilmani barpo etish borasida ko‘rsatmalar bergan edi.
Ishbilarmonlik aeroporti Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi tizim bo‘lib, yakka tartibdagi va korporativ parvozlarga ixtisoslashadi. Loyiha o‘zbekistonlik va xorijlik ishbilarmon doiralar vakillariga mahsulotlarini tashqi bozorga yetkazib berish, biznes-sheriklar topishda katta o‘rin tutadi. Ayni paytda xorijiy delegatsiyalarni kutib olish, oliy darajadagi mehmonlar va ishbilarmonlar, yurtimizga tashrif buyurayotgan ko‘plab xorijlik sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatish, poytaxtimiz havo bandargohining tranzit imkoniyatlarini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Hozirgi vaqtda aeroportda qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Dastlabki bosqichda uzunligi 4 kilometr bo‘lgan zamonaviy uchish-qo‘nish yo‘lagi va soatiga 250 yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatiga ega terminal barpo etiladi, ikkinchi bosqichda qo‘shimcha infratuzilma, mehmonxona majmuasi quriladi.
Shu kunga qadar bu yerda qariyb 20 ming kub metr tuproq ishlari bajarildi. Qurilish-montaj ishlariga 100 dan ortiq maxsus texnika jalb etilgan. Bunyodkorlik ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ buyurtmasi asosida “Trans yo‘l qurilish maxsus pudrat” MCHJ, “Qurilish-montaj tresti” va “Toshkent ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonalari ishchi-mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Kompleks doirasida bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyotni kutib olish va jo‘natish mo‘ljallangan perron qurildi. Shuningdek, qo‘riqlash, aloqa va xavfsizlik punktlari bunyod etilishi ko‘zda tutilmoqda. Loyiha doirasida havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi, samolyot va vertolyotlarni saqlash uchun zamonaviy angar, yong‘in xavfsizligi deposi quriladi. Shu bilan birga, dispetcherlik markazi va yo‘lovchilar uchun ovqatlanish binosi barpo etiladi.
Loyihaning birinchi bosqichi 2020-yilga yakunlanishi belgilangan bo‘lib, shu muddatda samolyotlarni qabul qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ishlarini boshlab yuboriladi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda ishbilarmonlik aviatsiyasini jonlantirish, mazkur aeroportda jahon standartlariga to‘la mosxizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish kerakliginita’kidladi
– Barcha muvaffaqiyatning zamirida ishni puxta loyiha asosida tashkil etish yotadi. Ishbilarmonlik aeroportini barpo etish va xorijiy ishbisharmonlarga ma’qul bo‘ladigan xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish uchun ushbu inshootning loyihasi mukammal bo‘lishi kerak. Aeroportga qadam qo‘ygan chet ellik xalqimizning milliy g‘ururini, iftixorini his etishi kerak. Shu bois mazkur masalalar bilan shug‘ullanadigan zamonaviy loyiha instituti tashkil etib, Yaponiya, Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlardan malakali mutaxassislarni ishga jalb etish lozim. Ana shunday qilsakkina bu aeroport kelajakda xalqimizga, farzandlarimizga ko‘p yillar xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.
Matnazar Elmurodov, O‘zA