Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, taniqli murabbiy Shorabek Mustafayevning 80 yilligiga bag‘ishlangan kurash bo‘yicha respublika ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaga Xorazm, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlaridan 35 nafar polvon ishtirok etdi.

Turnirning ochilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Azamat Qalbayev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Yuriy Kulakov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi, sport ustasi Jaqsimurat Mambetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qozoq milliy madaniy markazi raisi Asqar Umbetayev, O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ijrochi direktori S.Jusipbekov so‘zga chiqib, taniqli murabbiy Shorabek Mustafayevning kurash turlarini rivojlantirish, mamlakatimizga taniqli polvonlarni yetishtirishdagi mehnatlariga katta baho berdi.

Ta’kidlanganidek, Sh.Mustafayev 1944 yili 21 martda Qozog‘iston Respublikasi Qizilo‘rda viloyati Orol tumanida tavallud topdi. 1963 yil Qoraqalpoq davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirdi. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy Aminboy Ismailov rahbarligida erkin kurash sirlarini o‘rgandi.

Harbiy xizmatda ham sport bilan muntazam shug‘ullandi. 1965 yili Moskva shahrida o‘tkazilgan musobaqada sobiq ittifoq sport ustaligiga nomzod, Markaziy harbiy sport klubi birinchiligida sport ustasi darajasini bajardi.

So‘nggi yillarda Nukus davlat universitetida kafedra mudiri, jismoniy tarbiya fakulteti dekani lavozimlarida faoliyat olib borib, ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Jumladan, uning rahbarligida sambo bo‘yicha sobiq ittifoqning 20 nafar sport ustasi, dzyudo bo‘yicha 3 nafar sport ustasi, milliy kurash bo‘yicha 24 nafar O‘zbekiston sport ustasi, 50 nafarga yaqin sport ustaligiga nomzod polvon yetishib chiqdi. Ulardan sobiq ittifoq sport musobaqalarining sovrindorlari S.Yusupov, A.Bekbauliyev, B.Nazarov, Ya.Kazakov, G.Gamgabeli va boshqalarni qayd etish mumkin.

Shorabek Mustafayev bugungi kunda Qozog‘iston Respublikasi Olma ota shahrida istiqomat qilsa ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi polvonlari bilan do‘stlik aloqalarini uzgani yo‘q. Nukus shahrida ustoz tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan musobaqaning tashkil etilishi va unda shaxsan o‘zining ishtirok etganligi ushbu do‘stlik aloqalarning amaldagi ifodasi hisoblanadi.

Musobaqa yakunida 73 kilogramm vazn toifasida Qo‘ng‘irot tumanidan Utkir Urazg‘aliyev birinchi, Nukus shahridan Ziyodullo Ismatov ikkinchi, Xorazm viloyatidan Maqsad Xojiyev va Nukus tumanidan Qurmang‘azi Quandiqov uchinchi, mutlaq vaznda Buxoro viloyatidan Bahrom Saydov birinchi, Qo‘ng‘irot tumanidan Ergash Aytbayev ikkinchi, Nukus tumanidan Zahiriddin Zaytov va Nukus shahridan Miyirbek Abdixalikov uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlarga xomiylar tomonidan diplom, medal, qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofoti topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.