“Ashxobod sayilgohi”da tashkil etilgan tadbirda 1,5 ming yosh va maktab o‘quvchilari ishtirok etdi

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Ashxobod sayilgohi”da “Baxtli bolalik” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yashnobod tumani hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yashnobod tumani kengashi hamda “Ashxobod sayilgohi” ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda 1,5 ming yoshlar va maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
– Tumanda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan bolalar, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internati o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yashnobod tumani kengashi raisi o‘rinbosari Suhrob Jo‘rayev. – Bugungi tadbir ham yoshlarni sog‘lom turmush tarzi talablari asosida tarbiyalash, bolalar orasida sportning ommaviy turlarini keng targ‘ib qilish, ma’naviy hordiq chiqarishlariga ko‘maklashish, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bolalar sayilgohdagi attraksionlarda hordiq chiqardi. Konsert dasturi barchada ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.

 

Fayyoz Achilov, O‘zA