“Adolat” SDPdan AKSIYA! Sizning beg‘araz ko‘magingiz bemor bolalarning hayotdan umidvor ko‘ngillariga malham bo‘ladi

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkaziladi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemor bolalarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga qaratilgandir.
Albatta, beg‘araz qon topshirish, biror-bir inson hayotini saqlab qolish insonning insonga taqdim etgan oliy darajadagi sovg‘asidir. Bir so‘z bilan aytganda, hayot baxsh etish – savob ishlarning oliy ifodasi.
Bemor bolajonlarga hayot bag‘ishlash va ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli ishga bel bog‘lagan hamshaharlarimizni joriy yilning 1-iyun kuni soat 11:00dan 14:00ga qadar Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot institutiga taklif etamiz.
Ushbu aksiya nafaqat Toshkent shahrida, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalarida ham shu kunning o‘zida tashkil qilinadi.
Sizning qoningiz og‘ir bemor bolalar va ularning hayotidan umidvor ko‘ngillarga malham bo‘lishi shubhasiz.

 

Hurmat bilan,
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi