O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi o‘zaro hurmat, qo‘llab-quvvatlash, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida rivojlanmoqda.

Bunga oliy darajadagi siyosiy uchrashuvlar, shuningdek, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona va ishonchli munosabat muhim omil bo‘layotir. Prezidentimizning Xitoy Xalq Respublikasiga navbatdagi tashrifi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab beradi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 2024 yil 23-25 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadigan davlat tashrifi doirasida Pekin shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbirining Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan suhbati ham ikki davlat o‘rtasida izchil rivojlanayotgan hamkorlik va navbatdagi davlat tashrifiga bag‘ishlandi.

– Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik keyingi yillarda qaysi sohalarda izchil rivojlandi? Sizningcha, yana qaysi sohalarda hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi mumkin?

– Do‘stlik oltindan qimmat, deganlaridek, O‘zbekiston biz uchun yaxshi qo‘shni va yaqin hamkor, do‘st mamlakat. So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining tashabbusi tufayli Xitoy – O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, strategik sheriklik munosabatlar yuqori darajada rivojlanyapti. Tomonlar asosiy masalalar bo‘yicha bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Islohotlarni chuqurlashtirish va ochiqlik bo‘yicha ikki davlat tajribasi o‘rganilmoqda.

Ahamiyatlisi, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida yaqin aloqalar mavjud. Prezident Si Szinpin va Prezident Mirziyoyev o‘tgan yili ikki marta uchrashib, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning yangi rejasi belgilab olindi. O‘zbekiston – Xitoy Hukumatlararo hamkorlik  qo‘mitasi faoliyati ham ikki tomonlama aloqalar rivojida muhim rol o‘ynamoqda. Barcha sohalarda delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari ortayotgani ham e’tiborlidir. O‘tgan 2023 yilda O‘zbekistonning 14 ta hududi rahbari Xitoyga, 20 dan ortiq Xitoy markaziy va mintaqaviy delegatsiyalari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi pragmatik hamkorlik o‘z samarasini berdi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi Yangi O‘zbekiston qurilishi bilan chuqur uyg‘unlashdi va o‘zaro tovar ayirboshlash yuksak darajaga ko‘tarildi. O‘tgan yilning 11 oyida bu ko‘rsatkich 12,2 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistondagi Xitoy kompaniyalari soni esa 2 mingdan oshdi. Shuningdek, infratuzilma qurilishi, ishlab chiqarish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, kommunikatsiya va boshqa sohalarda hamkorlikning kuchli dinamikasi kuzatilmoqda.

Qayd etish kerak, yangi energiya sohasidagi hamkorlik natijalari hayratlanarli. Xitoy sarmoyasi ishtirokida hayotiy muhim loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ular orasida, ayniqsa, Sirdaryo viloyatida 1500 MVt quvvatga ega yangi elektr stansiyasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishini alohida ta’kidlash mumkin.

Iqtisodiy mavzuga qaytadigan bo‘lsak, biz yangi energetika, elektromobillar sohasida ham yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga olib kirilayotgan elektromobillarning 90 foizi Xitoydan keltiriladi. Ba’zi o‘zbek do‘stlarim ham Xitoyning BYD, Chery, Great Wall brendlari ostidagi mashinalardan foydalanishadi. Men ulardan ushbu elektr transport vositalarini haydashdagi taassurotlari haqida so‘radim va ular ijobiy javob berishdi. Bu menga faxr bag‘ishlaydi.

O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘plab madaniy almashinuv loyihalari amalga oshirildi. Jumladan, “Xitoy madaniyati kuni” va “Shinjon yaxshi joy” spektakllari namoyish etilib, yirik raqs jamoalari Shinjon, Gansu bo‘ylab gastrol safarlarida bo‘ldi. O‘zbekistonning betakror madaniy yodgorliklari Xanchjou muzeyi va Pekinda namoyish etildi. Yaqin kunlarda Xitoyda “O‘zbekiston madaniyati kuni” doirasida turkum tadbirlari o‘tkaziladi. Joriy yilning 4 – 6 fevral kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Quvnoq bahor festivali” Xitoy madaniy tadbirlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonlik do‘stlarimizni ushbu tadbirlarga taklif qilamiz.

Umuman olganda, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik hamkorlikning barcha sohalarini qamrab oladi. Biz ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni doimiy ravishda mustahkamlash va amalga oshirishga asosiy masala sifatida qaraymiz.

Bugungi kunga kelib birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli davlatlararo munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oluvchi mustahkam asos yaratildi. 2023-2027 yillarda yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishning besh yillik dasturi, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda.

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholaysiz?

– So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekistonni qurish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi islohotlar o‘z samaralarini ko‘rsatmoqda. Prezident xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishni ta’kidlab, xalq talabini tinglashga katta e’tibor qaratayotir. Ma’muriy-hududiy boshqaruv samaradorligini, mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirishni davom ettirmoqda.

O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanish dinamikasi yuqori, bozor hayotiyligini rag‘batlantirish doimo e’tiborda. Ishbilarmonlik muhiti optimallashtirilmoqda, infratuzilma qurilishi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, O‘zbekistonga sarmoya kiritish uchun tobora ko‘proq xorijiy kompaniyalar jalb etilmoqda. Buning samarasida xalq farovonligi yanada yuksalib, odamlar o‘zini baxtli his qilmoqda, jamiyat barqaror va osoyishta.

Yana shuni ham aytish kerak, O‘zbekiston ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib boryapti. Boshqa davlatlar bilan do‘stona munosabatlar va hamkorlikni faol rivojlantirib, qator yirik xalqaro tadbirlarga muvaffaqiyatli mezbonlik qilmoqda. Bu esa davlatning xalqaro mavqeyi va ta’sirini sezilarli darajada oshirib, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni chuqurlashtirishga beqiyos hissa qo‘shadi.

Yaxshi qo‘shni va yaxshi hamkor sifatida Xitoy O‘zbekiston erishayotgan yutuqlardan chin dildan mamnun. O‘ylaymanki, Prezident Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyotini tezlashtiradi, o‘zbek xalqi o‘z orzusini ro‘yobga chiqaradigan vaqt uzoq emas.

– Janob elchi, mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatingiz davomida qanday yangi loyihalar ustida ishlashni rejalashtiryapsiz?

– O‘zbekistonda ish boshlaganimga olti oy bo‘ldi. Mening faoliyatim Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Buning uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Shu davr mobaynida turli joylarda bo‘ldim, ko‘plab nufuzli tadbirlarda ishtirok etdim, yangi do‘stlar orttirdim. O‘zbek xalqining samimiyligi va mehmondo‘stligi, jamiyatning esa O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini chuqurlashtirishga bo‘lgan kuchli intilishi menda ijobiy taassurot qoldirdi.

Davlatlarimizning hamkorligi porloq kelajak va katta salohiyatga ega, deb hisoblayman. Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirishda menga katta mas’uliyat yuklangan.

Diplomatik missiyam davomida o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan ikki davlat rahbarlari erishgan muhim kelishuvlarni sodiqlik bilan amalga oshirish, turli sohalarda hamkorlik qilish uchun sharoit yaratishga faol ishtirok etib munosib hissa qo‘shaman. Ayniqsa, amaliy hamkorlik sohasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining yangi yuqori bo‘lishi ya’ni 20 milliard AQSH dollariga yetishiga intilamiz.

Biz ustuvor investitsiya loyihalarini ilgari surish ustida ishlaymiz. Korxonalar va idoralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qayta ishlash va ishlab chiqarish, raqamli iqtisodiyot, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, zamonaviy qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yanada o‘zaro manfaatli loyihalarni yaratishdan manfaatdormiz. Toza energiya, quyosh energiyasi, shamol energetikasi va gidroenergetika sohasidagi hamkorlikning ijobiy dinamikasini saqlab qolishga intilamiz. Atrof-muhitni boshqarish, muhofaza qilish, suvni tejash va iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish uchun yashil texnologiyalardan foydalanish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtiramiz.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini tezroq boshlashga ko‘maklashamiz. Transchegaraviy tashishlar samaradorligini oshiramiz va transport infratuzilmasini qurishda hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganamiz. Mintaqaviy resurslarni safarbar qilish va mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, davlat boshqaruvi va qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha tajriba almashishni kengaytirmoqchimiz. Umuman olganda, hamkorligimiz mustahkam poydevor, iroda va istiqbolga ega. Har ikki tomonda qilinadigan ishlar ko‘p. Bu borada esa birgalikdagi sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi.

– “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflar haqida qanday fikrdasiz? Bu tashabbuslar O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarida qanchalik muhim?

– Prezident Mirziyoyev o‘tgan yilning oktyabr oyida Xitoyga “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan edi. Davlat rahbari forumning ochilish marosimida ishtirok etdi va birinchi bo‘lib Yashil rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi forumda nutq so‘zladi. U Markaziy Osiyo oldida turgan jiddiy iqlim o‘zgarishlari muammolarini ta’kidlab, “Yashil ipak yo‘li” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va xalqaro hamkorlikka chaqirdi.

Bizga ma’lumki, janob Prezident rahnamoligida O‘zbekiston ekologik muammolarni milliy taraqqiyot va islohotlarning muhim kun tartibiga kiritib, “Yashil makon” tashabbusini faol ilgari surmoqda. Yangi energiyani rivojlantirish, yashil iqtisodiyotni o‘zgartirishga ko‘maklashmoqda. Prezidentning qator tashabbuslari barqaror rivojlanishga intilish, shuningdek, butun insoniyatning umumiy ishi uchun mas’uliyat va missiya tuyg‘usini aks ettiradi va Xitoy ularni yuksak qadrlaydi.

Bu tashabbuslar Xitoyning qarashlari va tashabbuslariga to‘liq mos keladi. Kelgusida Xitoy tomoni yashil rivojlanishga e’tiborni kuchaytirish va barqaror rivojlanishga intilish uchun O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishga tayyor.

– Keling, ko‘pchilikni qiziqtirgan sarmoyaviy hamkorlik mavzusiga to‘xtalib o‘tamiz. O‘zbekistondagi qaysi sohalar xitoylik ishbilarmon va tadbirkorlarni ko‘proq qiziqtiradi? Xitoylik investorlarni yanada ko‘proq jalb qilish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylaysiz?

– O‘zbekiston – Xitoy sarmoyaviy hamkorligi jadal rivojlanib, turli yo‘nalishlarda yanada diversifikatsiya qilinmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Xitoy O‘zbekistonning asosiy sarmoyaviy hamkoriga aylanib, umumiy sarmoya hajmi 11 milliard AQSH dollaridan oshgan.

Bugungi kunga qadar juda ko‘p hayotiy muhim istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va davom ettirilmoqda. Ular orasida infratuzilma, kimyo sanoati, energetika, suv xo‘jaligi, transport, kommunikatsiya va boshqa sohalardagi loyihalar bor. Bundan tashqari, Xitoy xalq farovonligi, tibbiy yordam va ta’lim sohalarida xayriya loyihalarini ham faol amalga oshirmoqda. Har ikki tomon ayni damda yangi energiya va mineral resurslar, raqamli iqtisodiyot, yashil rivojlanish, ekologiya, tibbiyot va sog‘liqni saqlash kabi sohalardagi hamkorlikka e’tibor qaratmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Xitoy –O‘zbekiston sarmoyaviy hamkorlik jamg‘armasini tashkil etishga Xitoy Ipak yo‘li jamg‘armasi 5 milliard yuan sarmoya kiritishga qaror qilgan.

Xitoylik sarmoyadorlarning fikricha, O‘zbekiston hayotga to‘la va Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi ishbilarmonlik muhitiga ega davlat. Bu esa uni sarmoya va biznes uchun qulay muhitga aylantiradi. Davlat korxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan tashqari, Xitoyning turli xususiy korxonalari O‘zbekiston bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda yangi Toshkent shahri qurilishi loyihasi amalga oshirilmoqda. Xitoy shahar qurilishida boy tajribaga ega. Xitoy kompaniyalari bu jarayonda faol ishtirok etib, toza va go‘zal zamonaviy bog‘-shaharni yaratishga hissa qo‘shishga umid qilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoyning infratuzilma qurilishi, jumladan, tezyurar temir yo‘llarni qurish bo‘yicha tajribasi juda katta. Xitoyliklar ko‘pincha “Boy bo‘lishni istasangiz, birinchi navbatda yo‘l qurishingiz kerak” deydi. O‘ylaymanki, Xitoy va O‘zbekiston tezyurar temir yo‘l va avtomobil yo‘llari qurilishida ko‘proq loyihalarni amalga oshirishi, milliy valyuta ayirboshlash va bank filiallarini ochish orqali ikki davlat o‘rtasidagi moliyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash mumkin. O‘zbekiston foydali qazilmalarga boy va bu yo‘nalishda ham hamkorlikni kengaytirsa bo‘ladi.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik va kelgusida bu borada qanday yangi loyihalar kutilmoqda?

– Xitoy ham, O‘zbekiston ham ta’limga katta ahamiyat beradi. O‘zbekiston ta’lim sohasiga “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraydi. Ikki davlat rahbarlarining katta e’tibori tufayli Xitoy – O‘zbekiston ta’lim sohasidagi hamkorligi izchil rivojlanmoqda.

So‘nggi yillarda xitoy – o‘zbek o‘rtasida xorijda ta’lim almashuvi kengaymoqda. Xitoyda 5 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Xitoy har yili O‘zbekistonga xorijda o‘qish uchun 100 ga yaqin davlat stipendiyalari, shuningdek, chet elda ta’lim olish uchun ko‘plab universitetlararo stipendiya dasturlarini taqdim etadi. Xitoy tili o‘qituvchilari va o‘qituvchilarini O‘zbekistonga yuboradi va xitoy tili kurslarini ochishni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga ikki davlat universitetlari o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

O‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston va Shinjon o‘rtasidagi almashinuv va hamkorlik ijobiy tendensiyani ko‘rsatdi. Shinjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik salohiyatiga qanday qaraysiz? Ayrim G‘arb davlatlari Shinjon haqida salbiy fikrda. Siz buni qanday izohlaysiz?

– Shinjon keng hududga, boy mahsulotlarga va ko‘plab etnik guruhlarga ega. Ayni paytda xalqning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan Shinjon iqtisodiyoti izchil rivojlanib, jamiyat tinch va barqaror, xalq farovonligi yuksalib bormoqda. Aholi jon boshiga o‘rtacha yillik daromadi 9 foizga oshdi. Butun qishloq aholisi qashshoqlikdan qutulib, 10 milliondan ortiq turli millat vakillari yangi uylarga ko‘chib o‘tdi. To‘qqiz yillik majburiy ta’lim to‘liq qamrab olindi, tibbiy sug‘urtada ishtirok etish ko‘rsatkichlari esa 95 foizdan ortiq darajada barqarorlashdi. Shinjonda o‘tgan yili erkin savdo zonasi tashkil etildi. Bu ochiqlikni yanada kuchaytiradi va yuqori sifatli iqtisodiy rivojlanishga yordam beradi. Aytish mumkinki, Shinjon tarixdagi eng yaxshi ravnaq va taraqqiyot davrini boshdan kechirmoqda.

Biroq, ba’zi G‘arb ommaviy axborot vositalari va Xitoyga qarshi siyosatchilar tomonidan Shinjonning rivojlanishi va qurilishi yutuqlari, shuningdek, aholining hozirgi yutuqlari noto‘g‘ri talqin qilinayotgani sir emas. Ammo faktlar so‘zdan ko‘ra balandroq gapiradi va haqiqatni yashirib bo‘lmaydi. Shinjon masalasi hech qachon inson huquqlari, millati yoki diniga emas, balki zo‘ravon terrorizm, separatizm va radikalizmga qarshi kurashdir. Bir paytlar zo‘ravonlik va terrorizmga duchor bo‘lgan Shinjon o‘zining bugungi farovonligi va barqarorligini yanada qadrlaydi.

So‘nggi yillarda Shinjonga ko‘plab mamlakatlardan 2000 dan ortiq siyosatchilar, ekspertlar, diniy yetakchilar va boshqa vakillar tashrif buyurdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Uchinchi qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va boshqa ko‘p tomonlama inson huquqlari forumlarida 100 ga yaqin davlat Xitoyni ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda, bu esa adolat hamisha xalq qalbida ekanini to‘liq namoyon yetadi.

O‘zbekiston uzoq vaqtdan buyon Shinjon bilan bog‘liq masalalarda Xitoyga kuchli yordam ko‘rsatib keladi. Buning uchun Xitoy o‘z minnatdorligini bildiradi. Shinjon va O‘zbekiston xalqlarining umumiy jihatlari ko‘p. Bular madaniyat, geografiya va til. O‘zbekiston Shinjon bilan hamkorlikka katta ahamiyat beradi. O‘tgan yili Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni KPK partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinruy, Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyati hukumati raisi o‘rinbosari va Shinjondan bir qancha delegatsiyalar O‘zbekistonda bo‘lib, Shinjon mahsulotlari, sarmoyalari ko‘rgazmasini o‘tkazdi. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi раиси Amanbay Orinbayev Shinjonga navbatma-navbat tashrif buyurib, Xitoy tomoni bilan hamkorlikda qator yangi kelishuvlarga erishdi. Ularning fikricha, shamol energetikasi, foydali qazilmalarni ilg‘or qayta ishlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat, ta’lim, turizm hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridir. Yaqin kelajakda Xitoy va O‘zbekiston Shinjonda muhim tadbirlar o‘tkazadi, bu hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi, deb ishonaman.

– O‘zbekiston haqidagi taassurotlaringiz qanday?

– Elchi bo‘lgunimcha Samarqandga xizmat safarida bo‘lganman. Garchi qisqa muddat bo‘lsa-da, O‘zbekistonning uzoq tarixi va ajoyib madaniyati menda juda chuqur taassurot qoldirgan. Keyinchalik O‘zbekistonga elchi bo‘lganimdan so‘ng bu mamlakatni yanada chuqurroq bilish imkoniga ega bo‘ldim, balki bu oddiy tasodif emas, taqdir sovg‘asidir. Yurtingizda qadimiylik zamonaviylik bilan kesishadi. Sharq va G‘arb madaniyati uyg‘unlashib, bu yurtga o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi. Bu yerda tabiiy go‘zallik bor, cho‘llar, tog‘lar va vohalar bir-birini to‘ldiradi. Bu yerda yorqin sivilizatsiya mavjud. Baland binolar va qadimiy masjid va ibodatxonalar bir-biriga xalaqit bermaydi. Odamlari iliq va do‘stona, jamiyatda tartib hukmron. Qovun va mevalar shunchalik mazali va xushbo‘yki, ular og‘izda eriydi, ayniqsa, ularni yetishtirish bu haqiqiy san’at.

Ayni paytda o‘zbek taomi bo‘lmish palovni eslatib o‘tmasdan ilojim yo‘q. Aytishlaricha, mamlakatda palovning minglab retseptlari bor va har bir viloyat uni turlicha pishiradi. O‘zbek taomlaridan tatib ko‘rar ekanman, xalqning mehmondo‘stligi, samimiyligi, bag‘rikengligini chin dildan his qilganman. Menga O‘zbekistonning, pokiza, mehribon, qalbi keng xalqi va bu yerdagi barcha narsalar yoqadi.

Xulosa qilib aytganda, 2024 yil Xitoy tashkil topganiga 75 yil bo‘ladi. Bu yil imkoniyat va umidlar yili bo‘lib, Xitoy – O‘zbekiston hamkorligida yanada samarali natijalar va yangi yutuqlar kutilmoqda. O‘zbekiston – Xitoy rahbarlarining bo‘lajak uchrashuvi esa davlatlarimiz o‘rtasidagi muhim kelishuvlarni amalga oshirish, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda muhim poydevor bo‘ladi.

O‘zA muxbiri

Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.