O‘zbekiston haqida o‘zbek tilida yozilgan va Wikipedia internet ensiklopediyasiga yuklangan maqolalar soni 300 mingga yetdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekistonga Markaziy Osiyo mintaqasida 1-o‘rinni, jahon reytingida esa 45-o‘rinni egalladi.

Wikipedia’ga O‘zbekistondagi tabiat ob’ektlari, turistik diqqatga sazovor joylar, amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirlar, tanlovlar, festivallar haqidagi ma’lumotlar va boshqa yangiliklar yuklangan.

Respublikadagi vazirlik va idoralar hamda ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari tomonidan mamlakatimiz haqidagi maqolalar yaratish uchun qiziqarli matnlar va fotomateriallar tayyorlandi. Wikipedia’ga ma’lumotlarni joylash uchun mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari faollari va talabalari orasidan ko‘ngillilar jalb qilingan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning tabiat, turizm, madaniyat, san’at, sport, iqtisodiyot, sanoat va boshqa sohalariga oid maqolalarni to‘ldirish bo‘yicha ishlar respublikaning barcha vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda 2017-yildan boshlab amalga oshirilmoqda. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakat hukumati tomonidan tasdiqlangan “Internet tarmog‘ida milliy kontentni yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur”da ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, mazkur reytinglarda erishilgan yuqori o‘rinlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini mustahkamlash, jahon hamjamiyatining e’tiborini mamlakatimizga qaratishga xizmat qiladi.

M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA