Ma’lumki, yurtimizda o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan davrlar, ishlovchi fuqarolar tomonidan esa ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari uchun ijtimoiy soliq to‘langan davrlar pensiya hisoblashda ish staji sifatida inobatga olinishi belgilandi. Pensiya hisoblashda ish haqiga belgilangan eng yuqori chegara miqdori dastlab pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining sakkiz barobaridan o‘n barobariga, keyinchalik o‘n barobaridan o‘n ikki barobariga oshirildi. Fuqaroning 2005 yildan avvalgi yillardagi ish staji uning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida hisoblanishi, pensiyalarni esa fuqaroning birgina pasporti yoki ID-kartasi orqali tayinlash tizimi joriy qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida fuqarolarga penciya tayinlash jarayonida inson omilini kamaytirish, keksa yoshdagi shaxslarga davlat xizmati ko‘rsatilishi sifatini yanada oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Bugungi kunda fuqarolarga pensiya tayinlashda inson omilini kamaytirish, keksa yoshdagi, nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada oshirish hamda mazkur sohada ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish zarurati yuzaga kelmoqda, — dedi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi M.Xo‘jayeva. — Shundan kelib chiqib, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga fuqarolarga Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish, pensiyalarning eng kam miqdorini belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligiga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

“Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga esa Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroning pensionerligi haqidagi ma’lumotlar asosida unga jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidagi to‘lovlarini olish huquqini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida qo‘mita tomonidan ishchi guruh a’zolari, huquqshunoslar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida bir qator tadbirlar, yig‘ilishlar o‘tkazildi. Bu jarayonlarda berilgan har bir taklif va tavsiyalar, fikr-mulohazalar atroflicha tahlil qilinib, loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirildi, — dedi deputat.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholining elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, elektron axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali pensiya tayinlangan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga o‘zlarining jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida yig‘ilgan mablag‘larini olishlariga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA