Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da 24 may kuni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasi o‘tkaziladi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hamda mintaqamiz davlatlari rahbarlari va Yevropa Kengashi Prezidenti tomonidan 2023 yil 2 iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi sammitda erishilgan kelishuvga muvofiq tashkil etildi.

MOXI va YeIning respublikamizdagi delegatsiyasi mazkur konferensiya tashkilotchilari hisoblanadi.

Anjumanda YeI nomidan Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil Terxi Xakala, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha koordinator Bartyan Vegter, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian hamda tuzilma tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar muvofiqlashtiruvchilari, loyiha menejerlari hamda xavfsizlik sohasida YeI – MO formatida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar ishtirok etadi.

Forumda O‘zbekiston va mintaqamizning boshqa davlatlari tahliliy muassasalar ekspertlari, manfaatdor vazirlik, idoralar vakillari ham qatnashadi.

Konferensiyada LEICA (Markaziy Osiyoda huquqni muhofaza qilish faoliyati), BOMCA (Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi) va CADAP (Markaziy Osiyoda narkotiklarga qarshi kurashish dasturi) kabi xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik dasturlari doirasida YeI va MO joriy hamkorligi jarayoni tahlil qilinadi.

Shuningdek, terrorizm, ekstremizm va radikalizm, kiber jinoyatchilik, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik va odam savdosi kabi tahdidlarga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni yo‘lga qo‘yish imkoniyati o‘rganiladi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA