Moskva davlat lingvistika universiteti (MDLU)da O‘zbekiston madaniyati kunlari tantanali suratda ochildi.

Rossiyaning “Katta Osiyo”, “Bloknot” kabi qator nashrlari ushbu voqea tafsilotini batafsil yoritdi.

Maqolalarda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov tadbir ishtirokchilariga tabrik yo‘llagani qayd etilgan.

“Moskvadagi o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi” vakillari, madaniyat va san’at arboblari, o‘qituvchi va talabalar, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlaridan vakillar qatnashgani ta’kidlangan.

Tadbir mehmonlari xalqimiz madaniyatiga oid stend, milliy amaliy san’ati asarlari, kulolchilik, kashtachilik mahsulotlari, cholg‘u asboblarimiz va o‘zbek adabiyoti namunalari bilan tanishdi. Respublikamizga bag‘ishlangan hujjatli film, o‘zbek milliy-madaniy muxtoriyati vakillari va universitetda o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar tomonidan musiqiy chiqishlar namoyish etildi.

Ishtirokchilar boy tariximiz, yurtimizdagi qadimiy yodgorliklar, tabiiy landshaftlar, xalqaro madaniy tadbirlar, gastronomik turizm imkoniyati va mashhur hunarmandlik ustaxonalari bilan tanishdi.

O‘zbekiston Sharqning eng jo‘shqin, o‘ziga xos madaniy maskanlaridan biri ekani e’tirof etildi. Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan diyorimizda aksariyati YUNESKO Jahon merosi ob’ekti sifatida muhofaza qilinayotgan qadimiy obidalar, qal’a va qasrlar, sirli, betakror tabiat yodgorliklari, xalq og‘zaki ijodi elementlari bisyorligi ta’kidlandi.

MDLU prorektori Olga Irisxanova universitetda MDH davlatlari tili, madaniyati, tarixi va an’analariga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berdi. Uning aytishicha, ta’lim dargohida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk o‘zbek adiblari, mutafakkirlari va davlat arboblari hayoti va ijodiga bag‘ishlagan ko‘plab tadbirlar muntazam ravishda o‘tkaziladi.

MDH bosh kotibi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov 2022 yildan buyon O‘zbek tili va madaniyati markazi faoliyat yuritayotgan Moskva davlat lingvistika universitetida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilishini yilning muhim voqealaridan biri sifatida baholadi.

– Ushbu madaniy tadbir ikki va ko‘p tomonlama munosabatni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi, – dedi I.Ne’matov. – O‘zbek tili va madaniyati markazi o‘zbek xalqining tarixi, tili, madaniyati, qadriyatlari, mentaliteti, an’ana va urf-odatini o‘rganishga beqiyos hissa qo‘shmoqda. Bu nafaqat tilshunoslik rivojiga, balki mamlakatlarimiz, xalqlarimiz yaqinlashuviga xizmat qilmoqda. Madaniy muloqot jarayonida amalga oshirilayotgan “Hamdo‘stlik davlatlari madaniy poytaxti” davlatlararo dasturi izchil samaradorlik namoyon etmoqda. Ushbu yuksak maqom joriy yil dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri – Samarqandga berilgani ramziy ma’no kasb etadi. MDLUda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari esa mazkur dastur doirasida rejalashtirilgan tadbirlar bilan uyg‘un, hamohang.

O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida 24 may kuni Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi hududidagi “O‘zbekiston” paviloniga tashrif buyurish rejalashtirilgan.  Majmuada tematik musiqiy kecha, o‘zbek kinolari namoyishi, o‘zbek choyxonasi bilan tanishish mumkin.

Madaniy tadbirlar 27 maygacha davom etadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA