Toshkentda shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tgan nufuzli anjumanda Hindiston Respublikasi Oliy sudi raisi Dxanandjaya Yeshvant Chandrachud, Eron Islom Respublikasi Sud hokimiyati raisining o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy, Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi raisi Aslambek Mergaliyev, Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi raisi Chjan Szyun, Qirg‘iziston Respublikasi Oliy sudi raisi Zamirbek Bazarbekov, Pokiston Islom Respublikasi Oliy sudi raisi Kazi Fayez Isa, Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi raisi Irina Podnosova, Tojikiston Respublikasi Oliy sudi raisi Shermuhammad Shohiyon ishtirok etdi.

Shuningdek, yig‘ilishda SHHT huzuridagi kuzatuvchi mamlakat vakili – Belarus Respublikasi Oliy sudi raisi Valentin Sukalo va mehmonlar – SHHT bosh kotibi o‘rinbosari Nuran Niyazaliyev va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov boshqarib borgan tadbir boshlanishidan oldin ishtirokchilar aviahalokat tufayli vafot etgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa rasmiy shaxslarning xotirasiga hurmat bajo keltirib, sukut saqladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yig‘ilish ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Doniyor Kadirov o‘qib eshittirdi.

Tadbirda SHHT umumiy manfaatlarni himoya qilishning samarali tizimi ekani alohida qayd etildi. Yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda bu nufuzli tuzilma muhim rol o‘ynamoqda.

SHHT tashkil etilganidan buyon unga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tushunish, yuqori darajadagi ishonch va birgalikda qarorlar qabul qilish ruhi shakllandi.

Oliy sud organlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik umumiy maqsadga erishish, ya’ni SHHT makonida qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratildi.

O‘zbekiston raisligi davrida odil sudlov samaradorligini oshirish, sud-huquq tizimida qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratildi.  Xususan, huquqni qo‘llash, qonunchilikni takomillashtirish va sudlar faoliyatiga doir boshqa muhim masalalar yuzasidan faol ravishda ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayon tashriflar, shuningdek, ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 40 dan ortiq yirik tadbirlarda ishtirok etish orqali amalga oshirildi.

Yig‘ilishda SHHTga a’zo davlatlar Oliy sudlarining qonun ustuvorligi, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi hamkorligini yanada faollashtirishga qaratilgan qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Millat va chegara bilmas illat sanaladigan odam savdosiga qarshi kurashish doimiy ravishda dunyo hamjamiyati, shu jumladan, SHHT davlatlari uchun dolzarb muammo ekanligi inobatga olinib, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish amaliyoti muhokama qilindi. Bu borada tizimli ravishda o‘zaro tajriba almashinuvi ahamiyatli ekani alohida qayd etildi.

Fuqarolik sudlovi sohasida mediatsiya institutidan keng foydalanish bo‘yicha choralar qabul qilish masalasi atroflicha muhokama etildi. Shu bilan birga, nizoni hal etish va uning taraflari uchun o‘zaro ma’qul keluvchi qaror qabul qilishga erishishning asosiy mexanizmlaridan biri bo‘lgan mediatsiyani yanada chuqur o‘rganish va uning mohiyatini anglash umummanfaatli ekani e’tirof etildi.

Ishtirokchilar mulk huquqi himoyasi va xususiy mulk daxlsizligini odil sudlov vositasida ta’minlash choralarini ishlab chiqib, amalga oshirish masalasiga e’tibor qaratdi.

Davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoyasini ta’minlash hamda uning kafolatlarini kuchaytirish borasida katta ahamiyat kasb etuvchi ma’muriy odil sudlovni shakllantirish va rivojlantirish istiqbollariga to‘xtalib o‘tildi.

Sud jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali odil sudlovni raqamlashtirish istiqbollari masalasi ham majlis kun tartibidan o‘rin oldi. Odil sudlovni amalga oshirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha tajriba almashish zarurligi ta’kidlandi.

Majlis ishtirokchilari yakdillik bilan qayd etganidek, Oliy sudlar raislarining keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlari va tashabbuslari xalqaro maydonda SHHTning obro‘sini va global mavqeini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Zotan, dunyo aholisining yarmidan ko‘pini birlashtirgan SHHTning mintaqaviy va global siyosatni shakllantirishning mexanizmi sifatida Yevroosiyo qit’asining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashdagi o‘rni mustahkamlanib bormoqda.

Tomonlar SHHTga a’zo davlatlar Oliy sudlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish ishonch, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro anglashuv, SHHT Xartiyasi, SHHTga a’zo davlatlarning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan yaxshi qo‘shnichiligi, do‘stligi va hamkorligi to‘g‘risidagi shartnoma hamda Shanxay hamkorlik tashkilotini 2025 yilgacha rivojlantirish Strategiyasiga muvofiq mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash tamoyillari asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

SHHTga a’zo davlatlar Oliy sudlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi birgalikdagi faoliyatni yanada takomillashtirish, adolat, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashga xizmat qilib, sud-huquq islohotlarini chuqurlashtirish uchun muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlar sud hokimiyatining oliy organlari hamkorligi istiqbollari to‘g‘risida Qo‘shma bayonot imzolandi.

Yakuniy hujjatda kun tartibidagi masalalar yuzasidan hamda SHHTga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining 20-yig‘ilishini 2025 yilda Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA