O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Yetakchilar ochiq va ishchan muhitda bo‘lib o‘tgan muloqotning samarali natijalaridan mamnun ekanliklarini, amaliy hamkorlikning barcha asosiy yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqilganini ta’kidladilar.
Davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston Prezidentining ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi birinchi tashrifi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stligini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishning tasdig‘i bo‘lganini qayd etdi.
– Mo‘g‘uliston biz uchun Osiyo mintaqasidagi an’anaviy va ishonchli hamkordir. O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston munosabatlari do‘stlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan bo‘lib, kon’yunkturaga bog‘liq emas, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Davlat rahbarlarining Samarqand va Dubayda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlaridan so‘ng barcha darajalardagi aloqalar faollashdi. Tizimli siyosiy muloqot o‘rnatildi. Bugun Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasi rasman ochiladi.
Bundan tashqari, tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda hamda yetakchi kompaniya va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi muzokaralar chog‘ida ishlar holati atroflicha tahlil qilindi, ustuvor yo‘nalishlar belgilandi va keng ko‘lamli hamkorlikning yangi kun tartibi kelishib olindi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqalar doirasida yaqin muloqotlarni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqin yillarda, birinchi navbatda, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Ikki mamlakat poytaxtlarida savdo uylarini ochish va joriy yilda sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tuzilayotgan ekspertlar guruhi doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi va yetkazib beriladigan tovarlar ro‘yxatlari, shuningdek, bozorlarga kirishni soddalashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Mamlakatlarimiz bir-birini samarali to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining aniq yo‘nalishlari ham belgilandi.
Mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, Qoraqalpog‘iston, Namangan viloyati va boshqa hududlarda chorvachilik majmualarini, go‘shtni qayta ishlash klasterini tashkil qilish, yengil sanoatda jun va terini chuqur qayta ishlash, shuningdek, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.
Sanoat kooperatsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zaro investitsiyalarni himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari bo‘yicha asosiy kelishuvlar tayyorlanadi va qabul qilinadi.
Biznesning rejalari va g‘oyalari bugun o‘tkazilishi rejalashtirilgan davlat rahbarlarining ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvida batafsil muhokama qilinadi.
Muzokaralarda samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish va yuk tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Bunga havo va avtomobil aloqasi bo‘yicha imzolangan bitimlar xizmat qiladi. Poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganiladi.
Barcha iqtisodiy masalalarni samarali hal qilish va loyihalarni tezlashtirish uchun yaqin fursatda Toshkentda Bosh vazirlar o‘rinbosarlari raisligidagi Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Ishbilarmonlar kengashining ta’sis sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Madaniyat, san’at, ta’lim, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Bu borada alohida hamkorlik dasturi tayyorlanib, kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda o‘zaro Madaniyat kunlari o‘tkaziladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida mo‘g‘ulistonlik talabalarni o‘qitishni qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, mamlakatlar yakkakurash sportining an’anaviy turlarini ommalashtirish, amaldagi vizasiz tartib sharoitida sayyohlar oqimini oshirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladilar.
Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida ikki davlat hukumatlariga kompleks “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va uning o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish topshirildi.
– Mo‘g‘uliston Prezidentining O‘zbekistonga birinchi davlat tashrifi haqli ravishda tarixiy bo‘ldi va ko‘p qirrali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Birgalikdagi katta ishlarimizning birinchi amaliy natijalarini tez fursatda ko‘ramiz, deb ishonaman, – dedi O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida.