O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat yetakchilarining oliy darajadagi muzokaralari ochiq va ishchan muhitda bo‘lib o‘tgani, muloqotning samarali natijalari haqida so‘z bordi. Bu tarixiy tashrif mamlakatlarimiz do‘stligini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston hamkorligining keng doirasi, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda boshqalar doirasida yaqin muloqotlarni, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda. Yetakchi kompaniya va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilayotgani ta’kidlandi.
Ikki mamlakatning turizm sohasida katta salohiyatga ega ekanligini hisobga olib, birgalikda sayyohlik marshrutlarini ishlab chiqish, turli tadbirlar tashkil etilishi sayyohlik yo‘nalishining ommalashishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston parlamentlari do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirish va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Mo‘g‘uliston Buyuk Davlat Xurali o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni ishlab chiqish va imzolash masalasi qo‘llab-quvvatlandi.
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA