Amerika Qo‘shma Shtatlari “Sentinel” nomli qit’alar aro ballistik raketasi parvoziga tayyorgarlik ko‘ryapti. Sinov avval belgilangan jadval bo‘yicha o‘tkaziladi. Bu haqda mamlakat energetika vazirligi huzuridagi yadro xavfsizligi milliy boshqarmasi rahbari Jill Xrubi bayonot berdi.

– Jangovar kallak bo‘yicha amaldagi jadvalga rioya qilinadi, – dedi u senatda tegishli masala yuzasidan o‘tkazilgan majlisda. Bunday sinovda jangovar qismning maketi ishlatiladi.

Xrubi mashqning ahamiyatini ta’kidlarkan, qit’alar aro ballistik raketa yaratish dasturi ishtirokchilaridan ortda qolmaslik muhimligini qayd etdi. Sinov muddatiga aniqlik kiritilmagan.

May oyida AQSH Qurolli kuchlari qo‘mondonliklari boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Charlz Braun “Sentinel” dasturini amalga oshirish muddati jadvalda ko‘rsatilganidan ancha orqada qolganidan xavotir bildirgandi.

Avvalroq mudofaa vazirining xarid va texnik materiallar ta’minoti bo‘yicha o‘rinbosari Uilyam Laplant mazkur dasturdan butunlay voz kechilishi mumkinligini ham aytgan.