Dunyodagi 200 dan ziyod davlatda antidoping tizimini nazorat qiluvchi WADA tashkilotining ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan anjumaniga bu yil poytaxtimiz Toshkent shahri mezbonlik qildi.

Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlarining 19-hukumatlararo yig‘ilishi va uning doirasidagi tadbirlar davomida davlatlarda mazkur sohada amalga oshirilgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar muhokama qilindi. Zarur qarorlar qabul qilindi. Ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha umum yig‘in rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Poytaxtimizdagi “Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlarining 19-hukumatlararo yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.

Unda ishtirok etgan WADA prezidenti Vitold Banka, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov Osiyo va Okeaniya mamlakatlari vazirlarining 19-hukumatlararo yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar, kelishuvlar, qabul qilingan qarorlar, imzolangan hamkorlik memorandumining mohiyati xususida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Toshkent rezolyutsiyasi hamjihatlikni ta’minlaydi

Brifingda WADA rahbari Vitold Banka jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida Toshkent anjumanida ishtirok etgan 33 ta davlatlarning sport vazirligi mutasaddilari, milliy antidoping tashkilotlari mutaxassislarining fikrlari va takliflari asosida antidoping qoidalarini joriy etish, sportchilar, sport jamoalarini dopingdan himoya qilishda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida rezolyutsiya qabul qilinganini aytib o‘tdi.

Toshkent yig‘ilishida ishtirok etganlar Osiyo va Okeaniya mamlakatlarining sportchilarida dopingni aniqlab jazolash emas, eng avvalo, ularning dopingga oid bilimlarini oshirish, zarur hujjatlar va yo‘riqnomalar bilan ta’minlash lozimligini ta’kidladi. Bu boradagi aloqalarda hamjihatlikni kuchaytirish imzolangan rezolyutsiyaning tag mazmuni hisoblanishi ta’kidlandi.

WADA nega O‘zbekiston bilan memorandum imzoladi?

Hech bir davlatning milliy antidoping tashkiloti bilan hamkorlik hujjatini imzolamagan, kelishuv ahdiga ega bo‘lmagan WADA nega O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi bilan memorandum imzoladi?

Ayni savol brifingda jurnalistlarni eng qiziqtirgan savollardan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, tashkil etilganiga 25 yil bo‘lgan Butunjahon antidoping tashkiloti ko‘p jihatdan dunyodagi mustaqil xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi. Bugungacha WADA biron bir davlatning antidoping tashkiloti yoki tashkiloti bilan hamkorlik memorandumini imzolamagan edi.

Aytish lozim, Butunjahon antidoping agentligi hamda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanganligi WADA tarixida ham, mamlakatimiz antidoping harakatida ham o‘ziga xos tarixiy voqea bo‘ldi.

Mazkur memorandumga asosan WADA tizimidagi rasmiy hujjatlar endilikda o‘zbek tilida ham olib borilishi belgilandi. WADA kodeksida 8 ta standart hujjat mavjud bo‘lib, ular bugungacha ingliz va fransuz tillarida taqdim etilib kelinayotgandi. Ta’lim, dopingga qarshi kurash, terapevtik istisnolar kabi standartlar bundan keyin WADAning internet tarmoqlarida o‘zbek tilida ham berib boriladi. Ayni holat o‘zbek tilining xalqaro darajasini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Albatta, tilimizning xalqaro antidoping tizimlarida ulug‘lanishi faxrli tuyg‘u. Ammo, bunday sharaf O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi mutaxassislari oldida turgan ishlar ko‘lami yanada kengayishini anglatadi.

Brifingda shu haqda so‘z yuritgan Vitold Banka O‘zbekistonda antidoping tizimida keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar, hukumat darajasida qabul qilingan qarorlar, mamlakat sportchilari orasida doping tushunchasini, halol sport tamoyilini singdirish borasida katta sa’yi-harakatlar amalga oshirilganligini, eng muhimi, dopingga oid  standart hujjatlar o‘zbek tilida WADA saytiga joylanganligi hamkorlikning asosiy omili bo‘lganligini, kelajakda o‘zbek mutaxassislari tashkilotning komissiyalariga a’zo bo‘lishi, uning rahbarlik organlariga bo‘ladigan saylovlarda qatnashish imkoniyati yaratilayotganligini e’tirof etdi.

O‘zbekiston WADA tizimidagi davlatlarning qaysi guruhiga mansub?

Dunyodagi barcha milliy antidoping tashkilotlari 4 ta guruhga bo‘linadi. Bu yillar davomida mamlakatlarda dopingga qarshi halol sport tizimini joriy etish harakati, amaliy ishlar mundarijasi bilan belgilanib kelinadi.

O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda dopingdan xolilik tamoyilini keng yoyish bo‘yicha katta ishlar  qilingani, sport jamoalarida doping saboqlari olib borilgani, o‘nlab mamlakatlar bilan dopingdan himoyalanish ta’limi va boshqa yo‘nalishlarda ochiq hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani O‘zbekistonni WADA tizimidagi 1-guruh, ya’ni milliy antidoping agentligi professional faoliyat ko‘rsatayotgan davlatlar qatoriga chiqishiga sabab bo‘lgan yig‘ilishda alohida ta’kidlandi.

Fikr-mulohazalarga, savol javoblarga boy tarzda kechgan brifing yakunida WADA rahbari O‘zbekiston butunjahon antidoping harakatida hamisha yetakchi davlatlardan bo‘lib qolishiga tilak bildirdi.

Ikki yilda bir marta o‘tadigan WADAning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari sport vazirlarining 19-hukumatlararo yig‘ilishining ikki kunlik qizg‘in ish faoliyati yakunlandi. Unda ko‘tarilgan masalalar, qabul qilingan qarorlar jahon sportidagi halollikning Toshkent dasturi sifatida dunyodagi antidoping markazlarining ishida samaradorlikka erishishga xizmat qilishi shubhasiz.

To‘lqin RO‘ZIEV, Nosir Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari.