Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida “Mening uyim” elektron tizimi ishga tushirildi.

Tizimda boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan ko‘p qavatli uylar va ular haqidagi ma’lumotlar jamlangan. Ushbu tizim boshqaruv tashkilotlarining to‘lovlarni qabul qilish, uylar va ulardagi debitor qarzdorlik hisobini yuritish, shuningdek, aholi tomonidan yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlarni tizimli tashkil qilishda yordam beradi.

“Mening uyim” elektron tizimiga respublikadagi 40 ming 852 ta ko‘p qavatli uylar kiritilgan. Uylardagi 1,35 milliondan ziyod abonentlar mavjud. Ularga 822 ta boshqaruv servis kompaniyalari va 142 ta shirkatlar tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda. Tizim orqali 247,1 million so‘m miqdoridagi majburiy badal to‘langan. Debitor qarzdorlik 414,6 million so‘mni tashkil etadi.

Tizimning mobil ilovasi ishlab chiqilgani natijasida aholi tomonidan majburiy badallarni to‘lash, boshqaruv servis kompaniyasi ishini baholash va notariuslar bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda qulaylik yaratildi. Bugungi kunda mobil ilova foydalanuvchilari 15 mingdan ortiqni tashkil qiladi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA