O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

– Memorandumning asosiy maqsadi tomonlar faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan sa’y-harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirgan holda siyosiy partiyaning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikdagi o‘zaro hamkorligini oshirish hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari Q.Karimxodjayev. – Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga doir jamoatchilik fikrini hamkorlikda o‘rganish va natijasi bo‘yicha ma’lumotlarni jamoatchilikka taqdim etishdan iborat.

Memorandumda aholi yashash hududlarini “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tabiiy resurslarni qayta tiklash, muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan keng miqyosli tadbirlar o‘tkazish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish, ekologik sof texnologiyalarni o‘rganish, rivojlantirish va amaliyotga joriy etishda hamkorlik qilinadi.

Hamkorlikda seminar-trening, davra suhbatlari, forum, uchrashuvlar va boshqa huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, shuningdek, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy sohalardagi o‘zgarishlar hamda yangilanishlar bilan bog‘liq jarayonlar ommaviy axborot vositalari, boshqa ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib boriladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri