Tibbiyotimiz fidoiylar

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, bu borada Orolbo‘yiga e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida chekka hudud aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati ancha yaxshilandi  desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka Mo‘ynoq tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch qabul bo‘limi terapevt- shifokori Oralbay Yernazarov 1973 yili Andijon  davlat tibbiyot institutini dovolash ishi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, Nukus shahridagi 1-sonli Respublika markaziy shifoxonasida mehnat faoliyatini boshladi. So‘ng o‘zi tug‘ilib o‘sgan Mo‘ynoq tumani markaziy shifoxona poliklinikasi hudud terapevt-shifokori, tuman teri va tanosil kasalliklar dispanseri shifokori, tuman markaziy shifoxonasi terapiya bo‘limi mudiri va ko‘plab lavozimlarda aholi salomatligi yo‘lida astoydil mehnat qildi. 2022 yildan hozirgi vaqtgacha tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch qabul bo‘limi terapevt-shifokori bo‘lib ishlab  kelmoqda.
O.Yernazarov tibbiyotning terapiya yo‘nalishi bo‘yicha tuman miqyosida tanilgan tajribali va malakali shifokorlardan hisoblanadi. Ko‘p yillik faoliyati davomida zimmasiga yuklatilgan vazifalarga sidqidildan yondashishi, yuqori kasbiy mahorati va fidoyiligi bilan aholi hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida respublika, shahar va tuman markaziy kasalxonalari huzurida shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari, shu jumladan, tez tibbiy yordam va sanitariya aviatsiyasi xizmati tashkil etilib, ularni yuqori texnologik tibbiyot uskunalari va ixtisoslashtirilgan avtotransport bilan jihozlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Shoshilinch terapiyaning dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika konferensiyasida o‘z ma’ruzasi bilan faol ishtirok etib, mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. 2017 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi mutaxassis” tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi terapevt- shifokor” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.

Bugungi kunda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan shifoxonada O.Yernazarov rahbarligidagi bo‘limda 32 nafar tibbiy xodim faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 2020-2021 yillarda uning rahbarligida bo‘lim shifokorlari tomonidan 8,6 ming nafardan ziyod bemorga shoshilinch tibbiy yordam berildi. Shu davrda 600 dan ortiq shoshilinch chaqiruv bo‘yicha aholiga malakali birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Keyingi yillarda tuman tibbiyot birlashma mutaxassislari bilan hamkorlikda 12 ming nafardan ziyod aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda, kasalligi aniqlangan bemorlarni davolashda faol ishtirok etib kelmoqda. Yosh mutaxassislarga kasb sirlarini muntazam o‘rgatishdan charchamaydi. So‘nggi uch yilda 25 nafar shifokor va 63 nafar o‘rta tibbiyot xodimining malakasini oshirishda murabbiy sifatida ishtirok etdi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Mo‘ynoq tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ali Toqsanboyev. –Tumanimizda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda tor soha mutaxassislariga ehtiyoj  yuqori edi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 17 maydagi “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida boshqa hududlardan Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning har oylik lavozim maoshiga 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lovlari to‘lab berish belgilandi. Bugungi kunda Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlaridan kelgan 22 nafar travmatolog, reanimatolog, terapevt, pediatr, oilaviy shifokor mo‘ynoqliklarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishda ko‘p yillik tajribaga ega Oralbay Yernazarov kabi ustozlarimiz hamisha maslahatlarini ayamaydi.

Mamlakatimizda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, sohani tubdan isloh etishga qaratilgan dasturlar ijrosini muvaffaqiyatli ta’minlash, zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng tatbiq etish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun kasb bayrami arafasida bir guruh soha xodimlari faxriy unvon, orden va medallarga sazovor bo‘ldi.

Ularning orasida Oralbay Yernazarovning yarim asrlik mehnati munosib baholanib, II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlandi.
O‘z kasbining fidoyisi, jonkuyar va samimiy inson Oralbay Yernazarov mana shunday ehtiromga munosib.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri