Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbirda Bojxona boshqarmasi hamda Qurolli Kuchlar xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari uyushmasi a’zolari, mahalla faollari, maktab jamoasi ishtirok etishdi.
So‘zga chiqqanlar Bosh qomusimizning mohiyati, undagi o‘zgarishlar natijasi haqida so‘zlab, barchani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yillik bayrami bilan tabrikladi. Qurolli Kuchlar tizimida o‘z xizmat burchini ado etib, bugungi kunda yoshlarga har tomonlama ibrat va namuna ko‘rsatib kelayotgan faxriylarning hayot yo‘li, ularning ko‘rsatgan jasorati haqida yoshlarga hayotiy misollar bilan so‘zlab berildi. Bayram munosabati bilan maktab o‘quvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir so‘nggida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri