Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurash markazida 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida “Sog‘lom hayot sari birgalikda” shiori ostida seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Nukus shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining joriy yil 20 yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalarga to‘xtaldi.
Tadbirda aholi orasida OIV infeksiyasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar qamrovini oshirish, bemorlarga sifatli tibbiy va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni zarur dori vositalari bilan to‘liq ta’minlash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi ishlar yuzasidan so‘z yuritildi. Mazkur qaror bilan aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023 – 2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Qayd etilganidek, har yili 1 dekabr sanasi an’anaviy ravishda Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi va ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 11 iyuldagi ko‘rsatma xati asosida OIV infeksiyasi yuqishi va tarqalishi ehtimoli yuqori bo‘lgan guruhlardan aholiga ushbu infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida shahar va tumanlarda aksiyalar tashkil etildi.
Joriy yilning 9 oyi davomida mobil laboratoriyalar yordamida OIV infeksiyasiga qarshi jami 17 ming 166 nafar shaxsdan qon namunasi olinib, tekshirildi. Bundan tashqari, markaz OIV laboratoriyalarida davolash profilaktika muassasasidan kelgan tahlillardan 10 ming 243 nafari ekspress va 230 ming 937 nafari immunoferment tahlili usulida tekshirildi. Aholi orasida OIV infeksiyasini erta aniqlab, o‘z vaqtida kasallikning oldini olish tadbirlarini yo‘lga qo‘yish uchun OITS xizmatining moddiy-texnika bazasini yaxshilash maqsadida xalqaro Global jamg‘armasi grant mablag‘i hisobidan 4 ta va mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan 3 ta, jami 7 ta komplekt IFA asbobi sotib olindi. 6 tumanlararo laboratoriya hamda OITSga qarshi kurash markazi laborator kompleksi jihozlandi va faoliyat ko‘rsatmoqda. Markaz diagnostika laboratoriyasida sitoflyurometr va gemanalizator asbob-uskunasi o‘rnatildi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri