Tibbiyot xabarlari

Yurtimizda ilk bor Respublika ixtisoslashtirilgan kattalar gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida allogen gemopoetik o‘zak hujayralar transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimizning 2021 yil 27 maydagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida alohida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi va Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi alohida muassasalar sifatida tashkil etildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida tashkil qilingan yuqori texnologik molekulyar-genetika laboratoriya molekulyar-genetik, immunofenotiplash va immunogistoximik murakkab tekshiruvlarni yuqori darajada amalga oshiruvchi muassasa hisoblanadi.

Bu yerda bajariladigan tahlillarni bir necha yil ilgari O‘zbekistonda mutlaqo o‘tkazish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun bemorlardan olingan namunalar chet elga yuborilib, u yerdan tegishli javoblarni kutishga to‘g‘ri kelar edi. Hozirda bu tekshirishlar markazning yuqori malakali xodimlari tomonidan to‘liq bajarilmoqda.

AQSH, Turkiya va Rossiya olimlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelayotgan ushbu laboratoriya hozir AQSH standartlari (ISO) asosida akkreditatsiyadan o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Shundan so‘ng mazkur bo‘lim Markaziy Osiyo mamlakatlari doirasida referens laboratoriyaga aylanadi va bu O‘zbekiston tibbiyoti uchun muhim voqea bo‘lishi kutilyapti.

Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov ham markazning klinik-diagnostika laboratoriyasini ko‘zdan kechirib, klinik laboratoriya, virusologiya, gemostaz, biokimyo, immunologiya hamda spinal mushak atrofiyasi genlarini tekshiruvchi laboratoriyalar ishini yuksak baholadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida yurtimizda ilk bor O‘zak hujayralar transplantatsiyasi bo‘limi ishga tushirilgan bo‘lib, mutasaddilar uning faoliyatini ham o‘rgandi.

Hozirga qadar muassasada tibbiyotimiz tarixida birinchi bor allogen, ya’ni donordan olingan suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotlari yo‘lga qo‘yilib, 6 nafar bemorda shunday operatsiyalar bajarildi.

Bundan tashqari, markaz xodimlari tomonidan autologik, ya’ni bemorning o‘zidan olingan o‘zak hujayralar transplantatsiyasi amaliyotlari 94 nafar miyelom va limfoma kasalliklariga chalingan bemorlarda o‘tkazildi.

Shunday loyihalar natijasida O‘zbekiston Tinch okeani va Osiyo mintaqasi mamlakatlari suyak ko‘migi transplantatsiyasi tashkilotiga (ABPMT) 23- a’zosi bo‘lib qabul qilindi.

Yuqori texnologik davolash usullarini hududlarda tatbiq qilish maqsadida, viloyatlar miqyosida ilk bor Samarqandda bajarilgan autologik o‘zak hujayralar transplantatsiyasi endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida yo‘lga qo‘yish hamda ushbu manzillarda molekulyar-genetik tekshiruv laboratoriyalarini ochish rejalashtirilgan.

Belarus shifokorlari bilan onkologiya yo‘nalishida hamkorlik qilinadi

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Belarus Respublikasiga xizmat safari davomida Minsk shahrida joylashgan N.N.Aleksandrov nomidagi Respublika onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan tanishdi.

64 yillik tarixga ega mazkur markazdagi ilmiy-tibbiy-o‘quv majmuada 10 ilmiy laboratoriya, 20 ta statsionar va 11 ta diagnostika bo‘limi mavjud bo‘lib, bugungi kunda ularda jami 1700 dan ziyod malakali xodimlar, shu jumladan, 25 nafardan ortiq tibbiyot va biologiya fanlari doktorlari hamda 12 nafar professor mehnat qilmoqda. Bu yerda umumiy gipertremiya, fotodinamik terapiya kabi dunyoda muqobili bo‘lmagan noyob davolash usullari qo‘llaniladi. Markazda o‘rnatilgan zamonaviy diagnostika asob-uskunalari esa hatto eng og‘ir onkologik kasalliklarga ham tez va aniq tashxis qo‘yish imkonini bermoqda.

Amrillo Inoyatov va markaz rahbariyati o‘rtasida o‘tgan muloqot davomida ta’kidlanganidek, yurtimizda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Belarus tibbiyot va ta’lim kunlari ko‘plab yo‘nalishlar qatorida onkologiya sohasidagi o‘zaro hamkorlikni ham yanada mustahkamlashga turtki bo‘ldi.

Uchrashuvda onkologiya sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ular uchun ushbu markazda stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, birgalikda onkologik kasalliklarni davolashning yangi usullarini joriy qilish kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, muzokaralar davomida ikki mamlakatning onkologik muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘z navbatida, belaruslik mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblaridan ayrim onkologik kasalliklarni robot texnologiyasi yordamida davolashni o‘rganishga qiziqish bildirdi.

Sog‘lom ovqatlanish masalalari muhokama qilindi

Oziq-ovqat sifati va xavfsizligiga e’tiborli bo‘lish, sog‘lom ovqatlanish inson salomatligida katta ahamiyatga ega. Aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish salomatlikdek bebaho boylikni asrashda muhim omil hisoblanadi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi va shahar bo‘limi tegishli bo‘lim boshliqlari, Farg‘ona shahar prokuraturasi, Farg‘ona shahar hududida faoliyat olib borayotgan maktabgacha ta’lim muassasalari mas’ullari, shahar tibbiyot birlashmasi vakillari va bir qator hamkor tashkilotlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar iste’moli uchun beriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi, oshxonalarning sanitariya-gigiyena talablariga mos holda faoliyat yuritishini nazorat qilish yuzasidan seminar o‘tkazildi.

Seminar davomida mutaxassislar tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sifatli va xavfsiz ovqatlanish tamoyillari, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini inson sog‘lig‘i uchun zarari, shuningdek bolalar va o‘smirlar tomonidan kuchli gazlangan, rangli, shirin hamda energetik ichimliklarning iste’molini tartibga solish to‘g‘risida fikrlar almashildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA