Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, podpolkovnik A.Utemuratovning Shumanay, Xo‘jayli, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari aholisi uchun sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabuli o‘tkazildi.
Qabul davomida 14 nafar fuqaroning murojaati o‘rganildi. Jumladan, fuqarolarni muddatidan ilgari probatsiya nazoratidan chiqarishda amaliy yordam berish, shuningdek, fuqarolarning buzilgan huquqlarini qayta tiklashga doir murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shu kuni Nukus shahri, Nukus, Taxiatosh, Amudaryo tumanlari aholisi uchun ham sayyor qabul uyushtirildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari tomonidan 38 nafar fuqaroning murojaati o‘rganildi. 6 nafar fuqaroning arizasi ijroga qaratildi. 4 nafar fuqaroning murojaati yuzasidan tegishliligi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. 8 nafar fuqaroning o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida 4 nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi, 4 nafariga pishiriq pechi topshirildi.
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsning amaliy yordam berish masalasidagi murojaati joyida ijobiy hal etilib, unga nogironlik aravachasi topshirildi. Bir nafar fuqaroga ID-karta rasmiylashtirildi. 18 nafar fuqaroning muddatidan ilgari probatsiya nazoratidan chiqarish masalasidagi murojaati yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga taqdimnomalar kiritilib, muammo ijobiy hal etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri