Toshkentda o‘tgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari va imkoniyati cheklangan shaxslar ishtirokini kengaytirish” xalqaro konferensiyasida xorijiy tuzilma rahbarlari, ekspertlar ishtirok etib, o‘z taqdimotlarini namoyish qildi.

Jumladan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha rahbari Ole Doetinchem mamlakat hukumati nomidan O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish ustida ish olib borayotganini yuqori mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Bugungi yig‘ilish imkoniyati cheklangan insonlar va fuqarolik jamiyati institutlarining yurtingizda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi ishtiroki muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Germaniya hukumati inklyuziv rivojlanish zarurligini tan oladi,  — deydi Ole Doetinchem. — Muhokamalarda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq natijalarga erishishda muhim rol o‘ynaydigan keng ko‘lamli mavzular qamrab olindi. Biz BRMga erishishda nogironligi bo‘lgan shaxslar va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ishtirokini oshirish yo‘lida O‘zbekiston tajribasini o‘rganamiz.

Germaniyaning “Yevropa jamoalari” doirasidagi hamkorligi yo‘nalishlari ushbu maqsadlarga to‘la mos keladi. Xususan, imkoniyati cheklangan fuqarolarni jalb qilish alohida ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda GIZ majburiyatlari barqaror iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya kabi sohalardagi loyihalarni qamrab oladi. Mazkur loyihalar gender tenglik masalalarini ko‘rib chiqadi.

Mamlakatda ijtimoiy himoyani yaxshilash uchun Germaniyadan sarmoya kiritish bu boradagi katta yutuqlardan biridir. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy agentligi bilan hamkorligimiz aholining zaif qatlamlari uchun ijtimoiy xizmatlarni kengaytirishga qaratilgan. Bu borada Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi va albatta, “O‘zbekiston-2030″ strategiyasi muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

2025 yil Germaniyada bo‘lib o‘tadigan Nogironlik bo‘yicha global sammitda O‘zbekiston ham ishtirok etadi, deb umid qilaman. Mazkur forum Toshkentdagi anjumanda muhokama qilingan muhim masalalar yuzasidan yangi loyihalar ishlab chiqishda muhim sanaladi.

Bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya imkoniyati cheklanganlar va fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki masalasi bo‘yicha keng jamoatchilik hamda siyosatni ishlab chiqish, qarorlar qabul qilishda mas’ul shaxslar bilimini yanada chuqurlashtirishda ahamiyatlidir.

Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.

O‘zA