Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat o‘zgarishi yuz bermaydi.

Bu fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Davlat boshqaruvi tizimining zamonaviy muammolari va rivojlantirishning ustuvor vazifalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada yana bir bor qayd etildi.

Darhaqiqat, har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida davlat boshqaruvi tizimining samaradorligi muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimining to‘laqonli samara bilan ishlashini ta’minlashda zamonaviy muammolar yuzaga kelmoqda. Ushbu muammolarni muvaffaqiyatli hal etish va zamonaviy yechimlar taklif etish samarali boshqaruvning asosi hisoblanadi.

Anjumanda Davlat boshqaruvi akademiyasi xodimlari va tadqiqotchilari, vazirlik va idoralar, xalqaro hamkor tashkilotlar rahbarlari, soha ekspertlari, olimlar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali xalqimizga munosib xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish vazifasi quyilgani ta’kidlandi. O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’muriy islohotlar shunday tizimni yaratishga qaratilgan.

Xalqaro konferensiyada J.Abdurahmonov nomidagi Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Almazbek Akmataliyev, Koreya Bosh vaziri huzuridagi Davlat boshqaruvi instituti Prezidenti Sangxan Chve, Ostona Davlat xizmati xabi boshqaruvi raisi Alixan Baymenovlar onlayn tarzda ishtirok etib, bugungi kun davlat boshqaruvi tizimining zamonaviy muammolari hamda bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi aloqalar to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Shuningdek, tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va Davlat xizmati akademiyasi prorektori Andrey Margolin so‘zga chiqib, davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining boshqaruv kadrlaridan talab etiladigan zamonaviy kompetensiyalar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Xans Zaydel jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Javhar Do‘stov yig‘ilganlarga O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida davlat boshqaruvi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

Konferensiyada Davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish evolyutsiyasi va nazariyasi, jamoaviy siyosiy liderlik, O‘zbekistonda ijtimoiy sohada davlat boshqaruvini tashkil etish masalalari, raqamli iqtisodiyot sharoitida davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirish amaliyoti va boshqa mavzularda seksiya muhokamalari tashkil etildi.

O‘tkazilgan mazkur konferensiyaning mavzusi dolzarb hisoblanib, anjuman qatnashchilarida davlat, xo‘jalik va jamiyat boshqaruvi, psixologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va “elektron hukumat” tizimlari sohasida mustahkam bilimlarni yanada rivojlantirish, tizimli tahlil qilish va strategik rejalashtirish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Konferensiya yakunida mutaxassislar tomonidan bildirilgan takliflar va tavsiyalar bugungi kunda O‘zbekistonning davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

N.Abduraimova, O‘zA