“Yangiariq” poligonida hokimlar va davlat idoralari rahbarlari ishtirokidagi yig‘in yangi ob’ekt ochilishidan boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, 22-26 noyabr kunlari Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqo‘shin poligonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yig‘in o‘tkazilishi belgilangan.

Yig‘inning birinchi kuni Xorazm viloyatidan qatnashayotgan ishtirokchilar viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ishtirok etayotganlar respublika mudofaa ishlari boshqarmasining yig‘in punktida jam bo‘lishdi. Qatnashchilarga safarbarlik tadbirlari doirasida harbiy xizmatga majburlar va xalq xo‘jaligi texnikalarini yig‘in punktida qabul qilish, mudofaa ishlari bo‘limlarida boshqaruv punktini tashkil etish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shundan so‘ng Urganch va Nukus shaharlaridan yo‘lga chiqqan qatnashchilar “Yangiariq” umumqo‘shin poligonida tantanali kutib olindi hamda askarlar yotoqxonasiga joylashtirildi. 2021 yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan “Yangiariq” poligoni zamonaviy talablarga javob berib, xalqaro darajadagi o‘quvlar o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Harbiy xizmatchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, xalqaro darajadagi tadbirlarni yuksak saviyada o‘tkazish hamda madaniy dam olishini ta’minlash maqsadida ushbu poligonda ilgari bo‘sh turgan ming kvadrat metr maydonda muhtasham Ma’naviyat markazi hamda mehmonxona majmuasi barpo etildi.

Yangi ob’ektning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi – harbiy-ma’muriy sektor rahbari Jo‘rabek Rahimov, harbiy okrug qo‘mondonligi, Senat a’zosi, Nukus shahar hokimi Abat Daniyarov, safarbarlik yig‘ini qatnashchilari ishtirok etdi. Viloyat rahbari xavfsizlikka tahdidlarga qarshi samarali kurash olib borish, Qurolli Kuchlarimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbar xodimlari ishtirokida o‘tkaziladigan bunday yig‘inlar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ma’naviyat markazi 250 o‘rinli majlislar zali, 7 ta 28 kishiga mo‘ljallangan mehmonxona majmuasi, cheksiz internet hamda onlayn videoselektor o‘tkazish imkoniga ega bo‘lgan brifing zali, xizmat va maishiy xonalardan iborat.

So‘zga chiqqanlar, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yig‘in “Xalq va armiya – bir tan, bir jon” g‘oyaning amaliy ifodasini namoyish etish, Qurolli Kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning hamkorligi samaradorligini yanada oshirish kabi ezgu maqsadlarni o‘z ichiga olganini ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, yig‘in ishtirokchilari guruhlarga bo‘linib, kun tartibida belgilangan ko‘rgazmali mashg‘ulotlarga jalb etildi. Qudratli harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan tanishuv ko‘pchilikda o‘z taassurotlarini qoldirgan bo‘lsa, bo‘linmalarni cho‘l sharoitida tayyorlash markazi va yashovchanlikni ta’minlash shaharchasi ochiq havoda ov qilish va baliqchilikka shaydo bo‘lganlar uchun sayohat maydoniga aylandi.

Ta’kidlash joizki, ushbu yig‘inni tashkil etish va o‘tkazish uchun Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan “Yangiariq” umum qo‘shin poligonida barcha shart-sharoit muhayyo etilib, bir qancha o‘quv joylari va o‘quv nuqtalari tashkil etilgan.

Yig‘in doirasida har bir ishtirokchi jangovar tayyorgarlik elementlarini shaxsan bajarib, o‘qotar qurollardan nishonlarga qarata amalda o‘q otishi hamda jangovar texnikalarni boshqarishi belgilangan.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat),  

O‘zA muxbirlari